“Tadbirkorlar virtual ofisi” ishbilarmonlarning muammolarini hal etishga xizmat qilmoqda
Tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish va hal etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlarning jamoaviy murojaatlarini qabul qilish maqsadida “Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
2024 yilda mazkur axborot portaliga Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan 901 ta masala yuzasidan 803 ta murojaat kelib tushgan. Mazmuniga ko‘ra, murojaatlarning 18 foizi bank va kredit, 13 foizi soliq, 7 foizi yer va kadastr, 7 foizi infratuzilma masalalariga oid bo‘ldi. Murojaatlarning 18 foizi Samarqand shahridan, 10 foizi Urgut tumanidan, 8 foizdan Payariq va Past Darg‘om tumanlaridan, 7,5 foizdan Ishtixon va Paxtachi tumanlaridan, 7 foizi Kattaqo‘rg‘on tumanidan kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 4,9 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishida, 867,4 million so‘m pul mablag‘lari undirilishida, 2,8 milliard so‘m soliq summalari hisobdan chiqarilishida, 562 million so‘m noqonuniy hisoblangan jarima va boshqa ta’sir choralari bekor qilinishida yordam ko‘rsatilgan.
“Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan yil mas’ul idora va tashkilotlar tomonidan 39 ta murojaatni ko‘rib chiqishda belgilangan muddatlarga rioya qilinmaganligi aniqlandi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga rioya qilmaganligi bois 23 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan esa intizomiy jazo choralari ko‘rilishi ta’minlandi.
Tadbirkorlar faoliyatida muammo yoki takliflar bo‘lsa, business.gov.uz sayti yoki 1100 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Abrorjon Ibragimov,
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyat shu’basi yetakchi inspektori.