Tadbirkorlarga xalal berilmagan, bosim o‘tkazilmagan
Joriy yilning 13 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Tadbirkorlar: soliqchilar ayni savdo qiziganda xalal bermoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Ushbu maqolada Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Samkat Oasiz durdonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli savdo kompleksida davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ayni odam gavjum paytida tadbirkorlarning hujjatlarini 20 daqiqalab tekshirib, savdo vaqtida xalal berayotgani, bosim o‘tkazayotgani iddao qilinadi.
Holbuki, noyabr oyining o‘tgan davrida Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi “Samkat Oasiz durdonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli savdo kompleksida profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Nazorat tadbirlari davomida tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolar aniqlangan. Profilaktika tadbirlari samarasida hujjatsiz ish yuritib kelgan 9 nafar fuqaro davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va bir nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tiklandi.
Bundan tashqari, savdo kompleksida jismoniy shaxslar egaligida bo‘lgan noturar joy ob’yektlaridan ijara shartnomasi asosida foydalanish bo‘yicha ham o‘rganish o‘tkazildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 8 nafar fuqaro o‘rtasida ijara shartnomalari rasmiylashtirildi.
Maqolada iddao qilinganidek, bu tadbirkorlarga bosim o‘tkazish yoki xalal berish emas, aksincha qonuniy faoliyatni rag‘batlantirish, noqonuniy ish yuritish holatlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlardir.
Shuni alohida qayd etish joizki, bugun davlat soliq xizmati organlari oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifa tadbirkorlarning ishonchli biznes hamkoriga aylanish, insofli soliq to‘lovchilarni har tomonlama rag‘batlantirishdan iborat.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.