Talabalar tish implantini ekish va sun’iy suyak hosil qilish bo‘yicha “master-klass” o‘tadilar

Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor J.Rizayev tashabbusi bilan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasida 4-bosqich talabalari “Dental implantologiya” fanidan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘lladi.

Ya’ni, ular institutning professor-o‘qituvchilari, yuz-jag‘ jarrohlari, implantologlar qarshisida tish implantini ekish va sun’iy suyak hosil qilish borasida olgan bilimlarini amaliyotda namoyish etishdi. Xususan, kafedra assistentlari Alisher Hazratov hamda Alisher Ahrorov dental implantologiya yo‘nalishida chet elda olgan bilimlarini talabalar bilan birga amaliyotda qo‘llashdi. Mulyajda har bir talaba tish implantanti ekishni “master-klass” davomida o‘rgandi.

- Inson jag‘iga tish implantini o‘rnatishda sog‘lom tishlarga hech qanday ta’siri yo‘q, - deydi institutning yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi U.G‘afforov. - Bunday operatsiyalarni shifoxonada yo‘lga qo‘yilishi bemorlarimizni vaqti hamda mablag‘i tejalishiga, eng muhimi, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan tishlar uzoq vaqt xizmat qilishiga erishiladi.

Amaliyot davomida talabalar zamonaviy tish implantatsiyasi ekishning avvalgi tish qo‘yish usullaridan farqli va foydali jihatlari, murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi haqida ham bilimlarini aytib berishdi.