Talabalarga stipendiya avvalgi tartibda to‘lanishi bo‘yicha yangi qaror qabul qilinadi

Ma’lumki, OTMlarda ta’lim olayotgan talabalar stipendiyasi joriy etilgan o‘zgartirishga ko‘ra, bir xil qilib, ya’ni 400 ming so‘m miqdorda belgilangan edi. Bu yangilik keng muhokamalarga, hattoki, ko‘pchilikning noroziligiga ham sabab bo‘ldi.

Ayni paytda talabalar stipendiyasi avvalgidek beshlik, to‘rtlik va uchlik tartibda to‘lanishi bo‘yicha qaror loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

«Bugun Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov bilan talabalarga stipendiya tayinlash tartibi bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokama qildik.

Ko‘pchilik talabalarning murojaatlarini inobatga olgan holda men tomonimdan bildirilgan takliflar ham loyihada aks ettirilib, ushbu qaror qabul qilinishi bilan a’lochi, faol, besh bahoga o‘qiyotganlar ilgarigidek yuqori, to‘rtga o‘qiyotganlar esa o‘z nomi bilan to‘rtlik, uch bahoga o‘qiganlar esa uchlik stipendiya olishi kutilmoqda.

Oddiy aytganda, har kim o‘z intilishi va izlanishiga qarab stipendiya oladi.

Loyihada yana bir qator yaxshi yangiliklar bor. Yaxshisi tez kunlarda qaror qabul qilingach, bilib olamiz.

Nasib bo‘lsa, hujjat tez kunlarda qabul qilinadi», deb yozadi deputat.