Ta’limda “iltimos”larga barham berilishi kerak

Yaqin o‘tmishimizda jamiyat taraqqiyotiga xavfli to‘siq bo‘lgan byurokratiya, poraxo‘rlik, korrupsiya illatlarining avj olib ketishida “iltimos”ning ham ma’lum o‘rni bor...

Davr o‘zgardi, zamon o‘zgardi, muhit o‘zgaryapti, shu jumladan, odamlar ham o‘zgaryapti. Endi bugungi kun odami o‘z kuchiga, aqliga, bilimiga, iste’dodiga, layoqatiga ishonishi, mamlakatni boshqarayotgan rahbariyatga suyanishi va ularga tayanch bo‘lishi zarur.

Insoniyat jamiyati odamlarning turli-tuman munosabatlari majmuidan iborat. Har xil munosabatlar orqali odam o‘zining va jamiyatning rivojlanishi, kamol topishi, muhimi, davomiyligini ta’minlashga harakat qiladi. Chunki jamiyatdagi turli-tuman munosabatlar insonlar hayotining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Insonlararo munosabatlar buyruq, do‘q-po‘pisa, talab, so‘rov, o‘tinch, yalinish, shikoyat, iltimos va boshqa shu kabi ko‘plab shakllarda amalga oshadi. Bu munosabat shakllaridan eng ommabopi va madaniyroq ko‘rinishdagisi iltimosdir.

Iltimos – ma’lum bir ehtiyojni qanoatlantirishga qaratilgan, madaniy, muloyim, yoqimli murojaat turi. Hatto biror bir nojo‘ya xatti-harakat sodir etilganligi tufayli so‘raladigan uzr, kechirim ham iltimos bilan aytilsa, uning ijobiy natjasiga umid qilsa bo‘ladi. Oddiygina “kechiring”, “uzr” deyilgandan ko‘ra, “iltimos, uzrimni qabul qiling”, “iltimos, meni kechiring”, “iltimos, meni avf eting”, “iltimos, bir qoshiq qonimdan keching”, “iltimos, gunohimdan o‘ting” kabi murojaat shakllarining ta’sirchanligi o‘ta yuqori bo‘libgina qolmay, kishining naqadar madaniyatli ekanligini  ham namoyon etadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerak, har qanday iltimosning qanoatlantirilishi jamiyatda ko‘pchilik rioya etadigan adolat tamoyillariga zid kelmasligi lozim. Shu nuqtai nazardan qaraganda, iltimos ham o‘z mazmun-mohiyati, xarakter-xususiyatiga ko‘ra, adolatli yoki adolatsiz bo‘lishi mumkin. Iltimosdan nafaqat adolat tarafidagi insonlar, balki uning aksi bo‘lgan razolat tarafidagi insonlar ham o‘zlarining g‘arazli maqsad va manfaatlari yo‘lida foydalanadi.

Yaqin o‘tmishimizda jamiyat taraqqiyotiga xavfli to‘siq bo‘lgan byurokratiya, poraxo‘rlik, korrupsiya illatlarining avj olib ketishida iltimosning ham ma’lum o‘rni bor. Hayot davom etar ekan, kimgadir uy kerak, kimgadir mashina, yana kimga tomorqa, kimgadir sanatoriyaga yo‘llanma, kimga mebel va hokazo. Bunday ehtiyojlarning esa son-sanog‘i yo‘q. Ehtiyojtalab narsalar esa hammaga yetadigan darajada emas... Nima qilish kerak? Iltimos qilish kerak! Bularning ichida ishga, o‘qishga kirish har kim ham zabt eta olmaydigan iltimoslar dovonining eng baland cho‘qqisiga aylandi.

Boshqa sohalarni qo‘ya turaylik, har qanday mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydigan ta’lim tizimida avj olgan iltimosning tag zaminiga nazar tashlaylik. Deylik, bolamizni bog‘chaga bermoqchimiz. Bog‘cha mudirasi xuddi uning shaxsiy tomorqasidek, masalani ko‘ndalang qo‘yib, joy yo‘q, deydi. Iloj qancha, yo‘l qidirasiz. Axir u bolangizni bizning bog‘chaga bering, deb sizdan so‘rayotgani yo‘q. Aksincha, siz bolamni bog‘changizga qabul qiling, deb iltimos qilyapsiz. Iltimos esa quruq bo‘lmaydi... Joy ham topiladi. Aytaylik, bolangizni maktabga bermoqchisiz. Siz murojaat qilgan maktab direktori esa o‘rin to‘lgan, deydi. Na iloj, yana iltimos qilasiz yoki iltimos qildirasiz. Bu iltimos ham quruqqa qanoatlantirilmaydi. O‘rin esa tabiiyki, topiladi. Navbat oliy o‘quv yurti ostonasiga keldi... Bu tomoni og‘irroq. Chunki oliy ta’lim muassasasi hamma joyda ham ochib qo‘yilgani yo‘q. Yana iltimos qila oladigan odam qidirasiz. Topasiz ham.

Iltimosning ta’siri iltimos qiluvchining mansabiga, el-ulus oldidagi obro‘-e’tiboriga qarab ham har xil bo‘lishi mumkin. Oddiy odamning iltimosi unchalik katta kuchga ega bo‘lmaydi. Mansab egasi yoki amaldor shaxsning iltimosi esa katta kuchga ega. Mana shu tariqa byurokratiya bo‘y cho‘zgan yaqin o‘tmishimizda iltimosdan adolatsizlik yo‘lida foydalanish avj oldi. Oqibatda poraxo‘rlik va korrupsiya kuchayib bordi. Bu illatlardan ko‘z yumildi, ularning keng tus olishiga to‘siq bo‘ladigan kuch topilmadi. Shunday qilib, ta’lim tizimida iltimos byurokratiya, poraxo‘rlik va korrupsiyaning ajralmas bo‘lagiga aylanib qoldi.

Hayotda bir insonning ishi boshqa insonlarning faoliyati bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan sayoz bilimli, layoqatsiz, ma’lum iqtidor va iste’dodga ega bo‘lmagan talabalar amal-taqal qilib o‘qishni ham bitirib oladi. Endi ular “chala mulla” kadr sifatida yana o‘sha taxlit iltimoslar bilan ishlab chiqarishga, jamiyatni boshqarishga, ta’lim tizimiga, davolash muassasalariga va boshqa joylarga borib ishga joylashadi. Mana shu tariqa, iltimoslarning kuchi bilan mamlakatda uzib bo‘lmaydigan zanjir vujudga keldi. Oxir oqibat nima bo‘ladi?.. Sifatsiz ta’lim, bilimsiz o‘quvchi, layoqatsiz talaba, jamiyatni, mamlakatni, millat taqdiri va kelajagini o‘ylamaydigan, o‘z shaxsiy manfaatini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yadigan xudbin, jamiyat uchun yaroqsiz kadrlar yetishtirish avj oladi.

Ta’lim tizimida o‘qishga kirish va o‘qish davrida iltimos qilish maishiy korrupsiyaning ajralmas bir qismi darajasida shakllandi. Boshqacha aytganda, huquq va axloq me’yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan, har qanday ishni amalga oshirishga qurbi yetadigan “iltimos qilish” normal holatga aylandi.

Oliy ta’lim tizimidagi iltimoslar jarayoni abituriyent o‘qishga kirgan kundan boshlanadi. Bu iltimoslar dars o‘tadigan o‘qituvchilarni darsni o‘tish davridan to semestr tugab, yakuniy nazoratlar olib bo‘lingunicha, muttasil ta’qib etib boradi. Natijada dars o‘tgan o‘qituvchilar talabalarning bilimini nisbatan bo‘lsa ham adolatli, xolisona, bilimiga yarasha baholay olmaydi. Oqibatda yaxshi o‘qiydigan, intiluvchan talabalarning bilimi pastroq baholanadi, darslarga kelmaydigan, fanni yoki mavzuni yetarli bilmaydigan, no‘noq talabalarning bilimi iltimoslar tazyiqi ostida yuqoriroq baholanadi. Bu holni atrofdagilar, hamma ko‘rib turadi. Ammo bu boradagi adolatsizlik yillar davomida shakllanib, tomir otib ketganligi tufayli hech kim unga e’tiroz bildirmaydi. Oqibatda bu illat yana ham chuqurroq, yana ham kengroq tus ola boradi...

Ta’lim tizimida ijtimoiy tartibni o‘rnatish, uning zamon bilan hamnafas taraqqiyotini ta’minlash, bu tizimdagi byurokratik va korrupsion holatlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 5 iyunda “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror e’lon qilindi.

Qarorda oliy ta’lim sifatining oshishiga hamda oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar o‘rinli ko‘rsatilgan. Chunonchi, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayotganligi alohida ta’kidlangan.

Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda, test jarayonlarini o‘tkazishda adolatli mezon qo‘llanildi. Bu jarayonda iltimosga hech qanday o‘rin qoldirilmadi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, bilimli, iqtidorli, iste’dodli yoshlar testlarni o‘z kuchi bilan yechib, o‘zlari tanlagan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Endi ularning hayotida iltimos tushunchasi kechagidek salbiy ma’no anglatmaydi. Endi ular ustozlarga qarata: “Aziz ustoz, iltimos, bizga ilm o‘rgating, ilm cho‘qqilariga yo‘l ko‘rsating, dunyo ilm-fani asoslarini yaratib ketgan ulug‘ alloma bobokalonlarimiz an’analarini davom ettiraylik”, demoqda.

Farhod NABIYeV, Samarqand davlat universiteti professori.

Mardon BOLTAYeV, dotsent.