Tamaki ta’siri o‘smir organizmida qaytarib bo‘lmas asoratlar qoldiradi

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov batafsil ma’lumot berdi. 

- Tamakining inson salomatligiga zarari xususida ko‘p gapiriladi, - deydi Sh.Shukurov. - U to‘la-to‘kis shakllangan organizmga shunchalik salbiy ta’sir etadiki, hali rivojlanayotgan o‘smirlar tanasi ushbu zararli odat sababli undan-da ko‘p aziyat chekadi.

Chunki, tamaki tutunida 7000 dan ortiq kimyoviy moddalar bo‘lib, ularning aksariyati sog‘liq uchun xavfli. Tamaki va uning tutuni har qanday ko‘rinishda insonning barcha organlariga zararli ta’sir ko‘rsatadi.

Uning organizmga xavfi tarkibidagi kuchli narkotik ta’sirga ega bo‘lgan va o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bog‘liq. 

Ayniqsa, o‘smirlarda nikotinga jismoniy va ruhiy qaramlik jadal rivojlanadi. Uning oz miqdori ham bo‘shashish va yaxshi kayfiyat hissini tug‘diradi, ko‘p miqdori esa yurak va markaziy asab tizimiga tez ta’sir qiluvchi zahar hisoblanadi.

Tamaki mahsulotlari ta’mni shirin qiluvchi, xushbo‘y hid taratuvchi konservantlar va boshqa qo‘shimchalar qo‘shilgan holda tayyorlanadi va bu mahsulotning jozibadorligini oshiradi.

O‘smirlik — miya rivojlanishida kritik davr bo‘lib, bu paytda nikotin o‘quvchilarning, avvalo, miyasiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Natijada xotira va bilim olish qobiliyatining pasayishiga, kuchli qaramlik va tahlikali nevrozlarga olib keladi.

Tamaki chekuvchi o‘quvchilarda nafas yo‘llari va quloq infeksiyalari yuqish ehtimoli ortadi, ularda yo‘tal, bronxit, pnevmoniya, astma va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi.

Bundan tashqari, tamaki chekish milk, suyak to‘qimasi, tish bog‘lamalarining buzilishiga, tishlarning barvaqt to‘kilishi kabi saratonoldi holatlarga olib keladi. Keyinchalik esa chekuvchilarda og‘iz bo‘shlig‘i, til, lab, milk, hiqildoq, qizilo‘ngach, oshqozon va oshqozonosti bezi saratoni rivojlanish ehtimoli keskin oshadi.

Bunday holat yurtimizda tamaki chekishga qarshi olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish va keskin choralar ko‘rishni taqozo etadi.