Targ‘ibot tadbirlari milliy qadriyatlarimizni ham ifoda etmoqda

Past Darg‘om tumani Kamolot mahallasidagi 57-maktabda “Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash” mavzusida ma’naviy-marifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqqa yetkazish, pandimiya davrida ularning ruhan kayfiyatini ko‘tarish har bir ayol, uyushmagan va voyaga yetmagan yoshlarning ma’naviy hordiq chiqarishiga ko‘maklashish maqsadini ko‘zlagan ushbu tadbirga olimlar, ijodkorlar, sportchilar, san’atkorlar ham jalb qilindi.

- 30 yil o‘qituvchilik qilib, so‘ng mahallada ish boshladim, - deydi Kamolot mahallalik Adolat opa. - Mahallamiz o‘zining obodligi, odamlarimizning mehru oqibatliligi, farzandlarimizning yutuqlari bilan boshqa mahallalardan ajralib turadi. Qo‘shni Balxiyon, Chortut mahallalari tuzilishi, aholisining bahamjihatligi, tadbirkorligi bilan farqlansa, bizning mahalla yosh oilalar, yangi qurilishlari bilan o‘ziga xoslik kasb etadi.

Darhaqiqat, tadbirga boshchilik qilgan mahalla oqsoqollari Balxiyon mahallasi raisi Amriddin Ibragimov, Chortut mahallasi raisi Komil Hamidovning tajribasi, yosh rais Diyor Umirovga berayotgan ustozlarcha maslahati va ko‘magini ko‘rib mamnun bo‘ldik. Sababi, ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan an’ana yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga otalarcha g‘amxo‘rlik qilish, kasb sirlarini o‘rgatishdagi jonbozligi ko‘rinib turardi. “Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash” mavzusidagi tadbirlar xalqimizning ana shu qadriyatlarini ifoda etmoqda.

Jumagul SUVONOVA.