“Tashabbusli byudjet”: 498034 ta ovoz to‘planib, 144 ta taklif g‘olib, deb topildi
Ikki yildirki, “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha ajratilayotgan mablag‘lar hududlarda yashovchi aholining eng dolzarb muammolarini hal etishga yordam bermoqda.
“Tashabbusli byudjet”ning joriy yilgi ikkinchi bosqichi uchun tuman va shahar hokimliklari qoshida tashkil etilgan fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga mazkur hududlarning tegishli byudjetlarning tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi hisobidan 78,4 milliard so‘m hamda birinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 12,6 milliard so‘m, ikkinchi chorakda esa 17,7 milliard so‘m, jami 108,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
- Tashabbusli byudjet jarayonining ikkinchi bosqichida aholi tomonidan 2888 ta taklif ilgari surilgan bo‘lib, hududiy ishchi komissiyalar tomonidan 1991 ta taklif ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi, - deydi viloyat moliya bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzodjon Tursuntoshev. - Ovoz berish jarayonida viloyatimizning 850 mingdan ortiq fuqarolari ishtirok etdi. Bu birinchi bosqichga qaraganda ikki baravar ziyod ko‘rsatkich hisoblanadi. Tashabbusli byudjet jarayonida 498034 ta ovoz to‘planib, 144 ta taklif g‘olib, deb topildi.
Bunda, ayniqsa, Samarqand shahri, Ishtixon va Nurobod tumanlari aholisi ancha faol bo‘ldi.
Jumladan, eng ko‘p 15115 ta ovoz Nurobod tumani Tim qishlog‘idan Bunyodkor mahallasigacha bo‘lgan 5 kilometrlik yo‘lni asfalt qilish uchun yig‘ilgan bo‘lsa, mazkur tumanning Sazag‘on mahallasi ahli qishloqqa kirish yo‘lini ta’mirlash uchun 14727 ta ovoz to‘plagan.
Shuningdek, viloyat bo‘yicha 19 ta umumta’lim maktabi, 30 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 11 ta bog‘cha, 16 ta mahalla binolarini hamda 48 ta ichki yo‘l va boshqalar tashabbusli byudjet asosida ta’mirlanadi.
G‘olib takliflar jamg‘armada mablag‘lar yetguniga qadar yuqoridan pastga qarab saralab olinadi va ularni moliyalashtirish uchun xalq deputatlari Kengashlari tomonidan manzilli dasturlar tayyorlanadi.