“Tashabbusli byudjet” loyihasiga Face ID orqali ovoz berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan byudjet tashkiloti  xodimlarini maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlash holatlari yuzasidan munosabat bildirdi

Vazirlik tomonidan o‘rganishlar yirik mahallalar aholi soni yuqori bo‘lganligi sababli ovoz berishda ustunlikka ega bo‘lish holatlari mavjudligi aniqlangan.

️Ovoz berishda tengsizlikka yo‘l  qo‘ymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida vazirlik tomonidan bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan:

➖FACE ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirilish;

➖kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun ko‘paytirish koeffitsiyenti joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqiladi.

Bunda, kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda.

“Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada rivojlantirish yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va takliflarini hisobga olish maqsadida vazirlik rasmiy kanallarida batafsil ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Hozirda jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berildi.