Bitta ovoz 30 ming so‘m: Tashabbusli byudjet yo chikka, yo pukkami?
Odamlar gavjum joy borki, «Sizdan bitta ovoz, bizdan 30 ming so‘m pul», qabilidagi gap-so‘zlar tinmaydi.
Ayrimlar bu noto‘g‘ri degan fikrga bormoqda. Nima emish – bunday adolatsiz yo‘l bilan g‘olib bo‘lish boshqalarning haqini poymol qilish bilan barobar. Bundan tashqari, aholisi kam, ammo infratuzilmasi nochor holatdagi hududlar nima kilishi kerak, degan iddaolar o‘rtaga tashlanadi.
Bu fikrlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi yuzasidan bahslashmoqchi emasmiz. Garchi bu yerda hech qanday qonun, jilla qursa, tartib buzish bo‘lmasa-da, norozilik borligi rost. Lekin masalaning mohiyatini, muammoni hal qilish bu orqali bo‘lmasa boshqa yo‘li borligi haqida o‘ylab ko‘rmayapsiz-ku.
Moziyga qaytib...
Aslan olganda jamiyat hayotida davlat byudjeti muhim, balki eng muhim ahamiyatga ega. Aksar davlatlarda u ochiq va uning sarflanishi bo‘yicha hisobdorlik bor. Taassufki, bizda yillar davomida buning aksi bo‘lib keldi.
Lekin Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgach, davlat va mahalliy byudjetni muhokama qilishda va xarajatlarni tartibga solishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga e’tibor berildi. Bu borada davlat rahbarining 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.
Zotan, aynan ushbu qarorga asoslanib, Moliya vazirligi 2018 yilning dekabr oyida openbudjet.uz portalini ishga tushirdi.
Portal byudjet xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va byudjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish imkoniyatlarini tashkil etishni o‘z oldiga vazifa qilgan bo‘lsa-da, unda faol muhokamalar va takliflarga ko‘zingiz tushmaydi. Mayli, bu endi alohida masala.
Xarajatlardan 5, qo‘shimcha daromadlardan 30 foiz
Mahalliy byudjetlardan aynan shu ko‘rsatkichdagi mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida sarflanishi bugun unut bo‘layotgan ma’lumot.
Ha, o‘sha gavjum joylarda 30 ming bermoqchi bo‘layotganlar sarfni qay maqsadga yo‘naltirish haqidagi fikrimizni sotib olishmoqchi (yoki olishmoqda).
Yodingizda bo‘lsa kerak, Prezidentning 2021 yil 13 aprel kuni «Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, byudjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida shahar va tumanlar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini (biroq kamida 6 milliard so‘m) jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi. Ushbu tartib har bir viloyatda bitta tuman yoki shaharda joriy qilindi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa mamlakatning barcha tuman va shaharlarida yo‘lga qo‘yildi.
Ha, hududlar infratuzilmasi uchun 2021 yilda respublika byudjet mablag‘lari hisobidan shahar va tumanlar byudjetlariga qo‘shimcha 92,7 milliard so‘m ajratildi.
Keyingi yildan ushbu mablag‘lar tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida nazarda tutildi. Bundan tashqari, 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizgacha oshirildi.
Albatta, o‘tayotgan yillar davomida bu yo‘nalishda yana turli o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, «Mening yo‘lim» loyihasi «Tashabbusli byudjet»ning birinchi mavsumiga qo‘shib yuborildi. Mayli, bular endi boshqa masala. Muhimi, fuqarolarga mahalla, aholi punkti va tumandagi muammolarni hal qilish bo‘yicha loyihalari bilan openbudjet.uz platformasi orqali murojaat qilish (hal qilish emas, unutmang!) imkoni yaratildi.
Byudjet amaldorlarning puli emas
Iqtisodchi telegram kanalida yozilganidek, «Tashabbusli byudjet» amalda hokimliklarning menejment sifati past bo‘lgani uchun hududlarning real muammolarini topish va tuzatishga qaratilgan loyiha. U fuqarolar orasida «Davlat pulni qayerga sarflashi yaxshiroq?» degan savolni, muhokamani olib kirolgani bilan e’tirofga loyiq.
Rost, «Tashabbusli byudjet» orqali odamlar o‘z ovozining ahamiyatini his qila boshladi. Qolaversa, davlat byudjeti amaldorlarning emas, xalqning puli ekanligini tushunyapti.
Jamiyat hayotiga daxldorlikni sezayotgani, eng muhimi, ko‘pchilikning bir maqsad yo‘lida uyushishni o‘rgangani rost. O‘zaro birlashish, harakat qilish, fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatish ham tashabbusli byudjet sabab jamiyatda yana bo‘y ko‘rsatmoqda.
Jamoatchilik davlat buyurtmasi asosida bajarilayotgan ishlar – ta’mirlashdan tortib bunyodkorlikkacha nazorat qilishni o‘rganyapti. Bunga faqat va faqat tashabbusli byudjet sabab bo‘ldi.
Bundan buyon «Tashabbusli byudjet» doirasidagi loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etiladi. Rejalashtirilayotgan bu yangilik fikr yuritilayotgan loyihaning ahamiyatini yanada oshirishi, jamoatchilik nazoratining kuchayishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ovoz yig‘ib ustama olasan yoki ishsiz qolasan
Qizig‘i, dastlabki vaqtlarda tashabbusli byudjetdan mablag‘ ajratilishiga erishish uchun odamlar nimalar qilmadi?! O‘zi mohiyatan olganda o‘zimiz to‘lagan to‘lovlar orqali yig‘ilgan puldan qilinadigan xarajatning 5 foizini olish emas, bu haqda fikr bildirish imkoni berildi. Mayli, yillar davomida qiynab kelayotgan masalalarimizga orttirilgan mablag‘dan 30 foiz ajratilayotgani alohida masala. Asosiy gap o‘sha 5 va 30 foizlik borasidagi fikrlarni yo‘naltirish yoki o‘zlashtirishga urinishlarda.
Qaysi nom bilan atalmasin, ovoz berish jarayonida ikki yo‘l bilan aralashishni kuzatish mumkin. Birinchisi, amaldorlar tomonidan majburlash bo‘lsa, ikkinchisi joylarda odamlarni qiziqtirish bilan bog‘liq.
Zotan, aynan shu maqsadda 2022-2023 yillarda katta-katta «hangomalar» bo‘y ko‘rsatgandi. Shu sabab Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari doirasida byudjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi.
Ming afsuski, davlat rahbari imzolagan hujjat bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yillardagi «tajribalar»dan hali-hamon saboq olinmayapti. Oqibatda «Tashabbusli byudjet» doirasida ovoz berish boshlangandan yana majburiy ovozlar yig‘ilayotgani haqidagi xabarlarga duch kelyapmiz. Masalan, ayrim maktablarda o‘qituvchilarga nechtadir ovoz yig‘ish majburiyati qo‘yilgani, o‘sha ovozni topmasa, shunga yarasha pul berish talab etilayotgani yangilik bo‘lmay qoldi.
Umuman, byudjet tashkilotlarida bu masala alohida nazorat talab qilmoqda. Biroq tegishli idoralar, xususan, mehnat inspeksiyalari negadir sukut saqlab turishibdi.
O‘sha tashkilot rahbarini ham tushunish kerak, agar shu safar g‘olib bo‘lib, ta’mirlash yoki qo‘shimcha bino qurish imkonini qo‘lga kiritmasa, bu masala yaqin 8-10 yilda hal bo‘lmaydi. Bu fikrni aytishga shoshilmang, zotan maqsad ezgu bo‘lgani bilan noqonuniy vositani hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
Ovozingizni sotmang!
Joriy yilgi mavsumda loyiha doirasida ovoz berish 16 martdan boshlandi. Xabarlarga ko‘ra, har bitta tashabbus uchun maksimum 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ so‘rash mumkin.
Shu sabab so‘nggi 10 kun ichida «Bitta ovoz uchun 30, 40 ming so‘m pul» degan gap-so‘zlarni deyarli hamma eshitdi. Buning uchun yog‘, salqin va energetik ichimlik hamda boshqa takliflar ham topildi.
E’tiborlisi, joriy mavsumda «bir fuqaro - bir ovoz» prinsipiga o‘tilganligi har bir ovozning nafaqat narxini, shu bilan birga qadrini ham oshirdi. Chunki o‘tgan yilda 4-5 ta ovoz uchun qilingan taklif, joriy yilda bitta ovoz uchun berilyapti.
Demak, tizim takomillashtirilyapti. Yana o‘sha gap, odamlar o‘z ovozining qiymatini, qadrini yanada chuqur his qilib boryapti. Zotan, endi tanlov qilib bo‘lmaydi. Masalan, ikkita sim kartangiz bo‘lsa, birini tug‘ilgan joyingiz, ikkinchisini boshqalar uchun ishlata olmaysiz. Aqlli ovoz berishga to‘g‘ri keladi.
Ya’ni, siz uchun ta’limdagi muammo muhimmi yoki sog‘liqni saqlash, balki yo‘ldagi ahvol sizni ko‘proq qiynar. Aniqlik kiritib olgach, o‘ylab ko‘ring, berayotgan ovozingiz foydali bo‘lishiga ko‘zingiz yetadimi? Albatta, bu tavsiya, xolos. Hech qaysi jihati bilan qiziqmasdan, 40 ming so‘mni olgach, to‘g‘ri kelgan loyihaga ovoz berayotganlar istagancha topiladi. Basharti shunday ekan, «E, shu open byudjetchilar ham jonga tegdi yoki bu g‘irromku, nega boshqalarning ovozini sotib olib, yutib ketishyapti», deydiganlarga javob shu: ko‘nglingizni keng qiling, xohlamaysizmi, ovoz bermang. Qonunga zid emasmi, qandini ursin!
Aholisi kam hudud (tashkilot)chi?
«Tashabbusli byudjet» haqida gap ketganda aksariyat hollarda shu savol o‘rtaga chiqadi.
Byudjetnoma va byudjet loyihasiga ko‘ra, 2024 yilda tashabbusli byudjetlashtirishga 7 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Qiziq tarafi, jarayonlarda g‘olib deb topilmagan, lekin ko‘p ovoz olgan loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi orqali 164,2 milliard so‘m, Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali 26,6 milliard so‘m, Iqtisodiyot va moliya vazirligi orqali 2,1 trillion so‘m mablag‘ taqsimlangan.
Yana ajoyib bir taklif
«2023 yilda «Ochiq byudjet» axborot portaliga kelib tushgan va har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan loyihalar tahlillari asosida jihozlash bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish xarajatlariga 2024 yil Davlat byudjeti loyihasida mablag‘lar ko‘zda tutish».
Demak, mavsumda ko‘p ovoz olib g‘olib bo‘lmaganlarda imkoniyat yo‘qolmaganini amalda ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Bunga «Ochiq byudjet» axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorini qo‘shimcha qilish mumkin.
Hujjat bilan fuqarolar tashabbusi jamg‘armasida 1 milliard so‘mdan kam mablag‘ shakllangan tuman va shaharlar uchun qo‘shimcha 57,9 milliard so‘m, «Ochiq byudjet» axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga qo‘shimcha 59,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Umuman, «Tashabbusli byudjet»ga start berilgandan buyon har mavsumda mag‘lub bo‘lgan, ammo 2 mingdan ortiq ovoz olgan tashabbuslarga ham istisno tariqasida mablag‘ ajratilmoqda. Lekin biror hujjatda doim shunday bo‘lishi belgilanmagani to‘la ishonch bermaydi.
Umid shuki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutasaddilari joriy yilda bir fuqaro bir ovoz tamoyilini ishlatib ko‘rib, undan keyin katta mexanizmlarni yoki kam fuqaro yashaydigan hududlarga boshqa yo‘llarni o‘ylab ko‘rilishini aytishgan.
Kutamiz.
Xulosa
Aslini olganda qayd qilinganlarning barchasi byudjet taqsimoti bilan bog‘liq. Joylardagi muammolar yechimida fuqarolar ishtirokini kengaytirib borish, ya’ni «Tashabbusli byudjet» uchun ajratilayotgan mablag‘larni bosqichma-bosqich ko‘paytirish lozim.
Bundan tashqari, joylardagi og‘riqli masalalar yechimi faqat shu loyihaga bog‘lanib qolmagan. Ularga mablag‘ ajratishni mahalliy hokimlikdan qattiq turib so‘rash, bu borada qilingan, rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha hisobot mexanizmlari shakllanishi zarur.
Demak, kuzda bo‘ladigan saylovlarni kutamiz...
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.