Tergov hibsxonasida mahkuma ayol vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov tergov hibsxonasida sodir bo‘lgan xodisa haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yil 22 oktyabr kuni soat 02:30lar chamasida sudning hukmiga ko‘ra, JKning 168- va boshqa moddalar bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va mazkur sud hukmidan norozi bo‘lib apellyasiya shikoyati yozgan, Namangan viloyati IIB 6-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkuma Shoxista M. (1976 yilda tug‘ilgan) o‘zi saqlanayotgan hibsxona kamerasida to‘satdan salomatligi yomonlashib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida, mahkuma Shoxista M.ning o‘limi "yurakning kamqonlik kasalligi, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi, marhumada tan jarohatlari aniqlanmaganligi" ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.