Termizda o‘zbek kurashi bo‘yicha xalqaro turnir boshlandi

Avval xabar qilganimizdek, Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy XV xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.

Kecha viloyat Matbuot uyida ushbu xalqaro turnirga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda xorijdan kelgan mehmonlar, mahalliy va chet ellik jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori Rizo Nosiriy, O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komiljon Yusupovlar ushbu turnirning ahamiyati haqida gapirdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur xalqaro turnirga 30 ga yaqin davlatdan 60 nafar kurashchi kelgan, ularning 25 nafari ayol sportchilardir. Yurtimizdan esa 60 dan ortiq polvon yigit-qizlar gilamga chiqadi.

***

Bugun tongda xotira turniri an’anaga muvofiq Al-Hakim At-Termiziy bobomizning ziyorati bilan boshlandi.

Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan polvonlar alloma maqbarasida Xatmu Qur’on qilinganida birdek duoga qo‘l ochdilar.

Viloyat hokimligi ehson oshi qilib, dasturxon yozdi. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov polvonlarga omad tiladi, keksalar el-yurt ravnaqi, o‘zbek kurashi rivojini tilab duo qilishdi.

Ziëratgoh maydonida xorijiy va mahalliy polvonlar va kurash faxriylari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi.

Asosiy musobaqalar ayni daqiqalar - soat 15:00 dan boshlandi.

Karimberdi To‘ramurod,

Termiz shahridan Zarnews.uz sayti uchun maxsus.