Test imtihonlariga yuzni tanib oluvchi kameralar o‘rnatiladi

Bugun Milliy Gvardiya boshqarma boshlig‘i Sa’dulla Safoyev ishtirokida Oliy o‘quv yurtlariga test sinovlari davrida jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar haqida brifing o‘tkazildi. Unda S.Safoyev test sinovlari o‘tkazish jarayonlariga tayyorgarlik ishlari haqida ma’lum qildi.

- Test sinovlari o‘tkaziladigan ob’yektlar va ularning atrof-hududida jamoat tartibi saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Milliy gvardiyaning 1000 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va xodimlari, 800 tadan ortiq maxsus vositalar, 630 dan ortiq aloqa va 50 tadan ortiq transport vositalarini ajratilishi rejalashtirilgan. Kuch va vositalarni ajratilishida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni hisobga olindi.

Test imtihonlarga bir abituriyent o‘rniga boshqa odam kirishining oldini olish maqsadida barcha ob’yektlarga kirish joylarida nazorat o‘tkazish punktlar tashkil etiladi. Ushbu joylarda yuzni tanib oluvchi kameralar o‘rnatilib bu kameralar orqali imtihonga abituriyent yoki boshqa shaxs kelganligiga aniqlanadi.

Bundan tashqari, nazorat o‘tkazish punktlarida barmoq izi orqali shaxsni aniqlash qurilmalaridan foydalangan holda abituriyentlarni shaxsini aniqlash choralari ko‘riladi.
Bunday holatlar aniqlanganda abituriyent o‘rniga imtihon topshirishga kelgan shaxslarga qonunchiligimizda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.