Test sinovlari tugadi: Samarqandda yetti mingdan ortiq abituriyent imtihonga kelmadi

Avval xabar berganimizdek, 1 avgustdan yurtimizda davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari boshlangandi. Xususan, Samarqand shahrida yettita yopiq binoda test sinovlari ikki navbatda tashkil etildi.

Test sinovlariga bir navbatda 3660 nafardan, bir kunda jami 7320 nafar abituriyent imtihon topshirdi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limining ma’lum qilishicha, viloyatimizda test sinovlariga jami 91 475 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ammo abituriyentlarning 7073 nafari turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan. Test jarayonida 9 nafar abituriyent hududga kirishda ta’qiqlagan vosita olib kirishga uringani, 31 nafar abituriyent imtihon qoidalariga rioya etmagani bois imtihondan chetlatildi.

Bu yil viloyatda test sinovlari 13 avgustgacha (shu kuni ham) davom etdi.