Texnikum o‘quvchilari ishli bo‘ladi

Kasb-hunar maktablari hamda texnikum bitiruvchilarining qiziqishlarini o‘rganish, ularning biznes va startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda yoshlar bandligini ta’minlashning eng muhim jihatlaridan biridir.

Samarqand veterinariya meditsinasi texnikumida mas’ullar hamda texnikum o‘quvchilari ishtirokida ayni shu maqsadga yo‘naltirilgan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda joriy yil 14 fevralda davlatimiz rahbarining «Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori, uning yoshlar bandligini ta’minlashdagi ahamiyati va qarorda belgilab berilgan vazifalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Tadbirda “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ viloyat hududiy vakili Qahramon Eshonqulov, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi viloyat hududiy filiali bo‘lim boshlig‘i Gulbahor Rustamova hamda "Freedom broker" kompaniyasi Samarqand filiali rahbari Feruz Burxonov ishtirok etib, yoshlarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, yosh tadbirkorlik sub’yektlarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi o‘rni, shu jumladan, startap va innovatsion loyihalar ustida ishlash, kasb-hunar, raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarni chuqur egallashlari muhimligini ta’kidladi.

- Ushbu qaror yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi darajani belgilab beradigan muhim hujjat bo‘ldi, - deydi Gulbahor Rustamova. – Xususan, qarorda “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu dastur doirasida “Biznesga birinchi qadam”, “Yoshlar uchun ish o‘rinlari”, “Innovatsion yoshlar” loyihalari hayotga tatbiq etilib, yoshlar bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan. Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi o‘g‘il-qizlarga yaqin hamkor, moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan homiy vazifasini o‘taydi. Yangi tizimga ko‘ra, yoshlarning maqsad va g‘oyalari o‘rganilib, tayyor biznes-rejalarga aylantiriladi. Bu biznes g‘oyalarni qayerda, qanday hayotga tatbiq etish manfaatli ekani ham o‘rganiladi. Buning uchun hozirda texnikumlarda barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Muloqotda ushbu qaror mazmun-mohiyati, qarorda belgilab berilgan vazifalar hamda shu kungacha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Ismatulla Mardiyev,

texnikum direktorining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosari.