Tibbiyot sohasi raqamlashsa, korrupsiya yo‘qoladi
Kuni kecha davlat rahbari mamlakatimiz tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda bu gapni qayta-qayta ta’kidladi.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda Prezident davlat mukofotlarini topshirib, sohada kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab beradi, bir kun avval qabul qilgan qarori mazmun-mohiyatini tushuntiradi, deya o‘ylagandim. Boshqalar ham, jumladan, zaldagi ishtirokchilarning asosiy qismini tashkil etadigan tibbiyot xodimlari ham shunday fikrda edi, nazarimda.
Shunday bo‘ldi ham. Barcha hududlar bilan videoselektor tarzida o‘tkazilgan uchrashuv avvalida Prezident davlat mukofotlarini topshirdi. Soha xodimlarining zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi. Bundan buyon ushbu sanani “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” sifatida nishonlashni taklif qildi.
Keyingi yillarda tibbiyot sohasida erishilgan olamshumul natijalar (olamshumul deyishga asoslar ham keltirildi, buni hech kim inkor etmaydi) ayrim raqamlar orqali qayd etildi. Keyin davlat rahbari erishilgan natijalar tarix bo‘lgani, endi mavjud kamchiliklarni tuzatish, soha oldiga yangi marralar qo‘yib harakat qilish zarurligini ta’kidladi.
Ko‘nglidagi achchiq gaplarni ham aytishga majburligini ta’kidlab. tibbiyot davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak, degan g‘oya bugun hayotda o‘z ifodasini topayotgani, lekin ayrim rahbarlar buni anglamayotgani, o‘z huzur-halovatidan voz kecholmayotgani to‘g‘risida og‘rinib gapirdi.
Prezidentimiz jamiyatda o‘qituvchi va shifokorning nufuzi va mavqeini oshirishni o‘z faoliyatining dastlabki paytlaridanoq asosiy maqsad etib belgilagani va bu ishni bosqichma-bosqich amalga oshirayotganini aytdi. Buning uchun byudjetdan ham juda katta mablag‘ ajratilayotgani, xalqaro tashkilotlar va banklar kreditlari yo‘naltirilayotgani qayd etdi.
– O‘n yil oldin sohada bugungidek imkoniyat, sharoit, texnologiya, pul yo‘q ediku, oylik maosh ham yildan-yilga oshib boryapti va bu davom etadi. Lekin bunga javob qanaqa bo‘lyapti? Afsuski, bu savolga javob berishga qiynaladi odam, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz 26 ta ixtisoslashgan markaz faqat poytaxtda emas, joylarga chiqib, eng quyi bo‘g‘inda ishlashi kerakligini ta’kidladi. Xuddi shunday – ularning filiallari ham o‘z ixtisosligi bo‘yicha qaysi tuman, shaharda aholining salomatlik darajasi og‘ir bo‘lsa, o‘sha joydagi poliklinikalar bilan aniq dastur asosida ishlashi zarur.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ayrim ixtisoslashgan markazlar rahbarlari faoliyatidan qoniqmayotgani, ularning o‘z vazifasiga vijdonan yondashmayotganini kuyinib gapirdi. Ayrim rahbarlar o‘ziga juda katta miqdorda oylik yozib olayotganini. bu bilan ular o‘zlariga nisbatan ishonchni poymol qilayotgani, xalqning nafratiga duchor bo‘layotganiga urg‘u berdi.
– Prezident, davlat hech narsa bilmaydi, deb o‘ylamanglar, arqon uzun tashlangan, vaqti kelganda shunday tortib olamiz, lekin u paytda kech bo‘ladi, – dedi Yurtboshimiz.
Yig‘ilishda yaxshi bir taklif aytildi. Prezidentimiz malakali shifokorlar, mutaxassislar sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlari, tibbiy markazlar rahbarligiga tayinlanib, ular tashkiliy ishlardan ortmayotgani, o‘zining kasbiy malakasidan foydalana olmayotganini ta’kidlab, aslida rahbarlik vazifalarini menejerlar bajarishi, ular shifokorlarning samarali ishlashi, bemorlarning tezda sog‘ayib ketishi uchun sharoit yaratishi, tibbiy muassasalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun qayg‘urishi zarurligini aytdi. Va kelgusi yildan shunday tizim yo‘lga qo‘yilishi bildirildi.
Yig‘ilishda eng ko‘p tilga olingan masala – sohani raqamlashtirish va bu orqali korrupsion holatlarning oldini olish bo‘ldi. Prezidentimiz soha rahbarlarini xalqqa xizmat qilishga da’vat etdi, davlatning tibbiyot sohasiga e’tiborini odamlar o‘z hayotida his qilishi uchun vazifasini vijdonan bajarishi kerakligini uqtirdi.
Davlatimiz rahbari qo‘lida ma’lumotlar bo‘la turib, ko‘p rahbarlarni ayadi, ularga ishlashi, xalqqa xizmat qilishi uchun yana imkoniyat berdi, nazarimda. Bundan kim qanday xulosa chiqarishini vaqt ko‘rsatadi, albatta.
Darvoqe, uchrashuvda ayrimlar doimiy, hisobot gaplarni gapira boshlaganda Shavkat Mirziyoyev “bu yerga sizlar bilan muloqot qilish, muammolarga yechim topish uchun kelganman, ko‘proq takliflar aytinglar, masalalarni o‘rtaga tashlanglar”, deb o‘zi davraga yuzlandi va ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi. Ayniqsa, yoshlarning fikrlari, takliflarini e’tibor bilan tinglab, hech bir masalani yechimsiz qoldirmadi.
Uchrashuv davomida bir narsaga takror amin bo‘ldim. Prezidentimiz yosh bo‘lsa ham sadoqatli, Vatan uchun, xalq uchun xizmat qilishga tayyor, vijdoni pok, qo‘li toza yoshlarga katta ishonch bildirmoqda va doim ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Yo‘qsa, yig‘ilishga yakun yasab o‘z xulosalarini aytmoqchi bo‘lganida so‘z so‘rab qo‘l ko‘targan yoshlarni tinglamagan, ular o‘rtaga tashlagan masalalarga yechim topib bermagan bo‘lardi.
G‘olib Hasanov.