Tibbiyot xodimi javobgarligi, emlash tartib-qoidalari va reyestri masalalari bo‘yicha viloyat seminarlar o‘tkazilmoqda
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasi immunoprofilaktika bo‘limi mutaxassislari tomonidan viloyatdagi shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlari, tug‘ruqxona emlash punktlarida “emlash.ssv.uz” elektron emlash reyestri joriy etilishi munosabati bilan ma’sul xodimlar ishtirokida seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.
Unda tibbiyot xodimlariga boshqaruv tizimida olingan va ishlatilgan vaksinalarni hamda emlangan aholi va bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotni elektron dasturga o‘z vaqtida kiritish jarayoni o‘rgatilib, tibbiyot xodimlarining javobgarlik ma’suliyati tushuntirilmoqda.
Shuningdek, tibbiy hisob hujjatlarini raqamlashtirish natijasida kelajakda bir qator emlashga doir hujjatlarni ham elektron shaklda joriy etilishi to‘g‘risida tushuncha berilmoqda. Shuningdek joriy yilning oktyabr oyida epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha qizamiq kasalligiga qarshi ommaviy emlash ishlari o‘tkazilishi, tayyorgarlik tadbirlarini olib borish, emlanadigan kontengentni to‘g‘ri rejalashtirish muhokama qilinmoqda.
Ushbu belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Samarqand viloyati davolash-profilaktika muassasalarida VLMIS –“Elektron vaksinalar logistikasini boshqarish tizimi” va EIR – “Elektron emlash axborot tizimlarini amaliyotga tadbiq etish, test tajribaviy sinovdan o‘tkazish bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda, deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi xabarida.