Tibetda zilzila qurbonlari oshmoqda. Mask Yevropa siyosatchilari uchun bosh og‘rig‘iga aylandi. Olimlar tish o‘sishini faollashtiruvchi dori ixtiro qilishdi

🔹 Ostonada AZAL halokati bo‘yicha komissiya ma’lumotlari qayd etilishi kutilmoqda. Yaqin kunlarda halokatni tekshirish komissiyasi a’zolari qora qutilarni o‘rganishga kirishadi.

🔹 Tibetda zilzila qurbonlari soni 95 kishiga yetgan, 130 ga yaqin kishi jarohatlangan. Ko‘chalar vayronalarga to‘lgan. Yer silkinishlari Nepal, Butan va Hindistonda ham sezilgan.

🔹 Shimoliy Koreya gipertovushli ballistik raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi. 6 yanvarda uchirilgan raketa kallagi 1500 kilometr masofani bosib o‘tgan va Yaponiyaning dengiz hududiga tushgan. 

🔹 Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng Suriyada Turkiyaga xayrixoh kuchlarning bo‘lishi Isroilga ham strategik, ham operativ darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solishi mumkin. Bu haqda Isroil hukumati o‘z hisobotida aytmoqda.

🔹 Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning X ijtimoiy tarmog‘ida Yevropa siyosati haqidagi xabarlari YeI uchun “diplomatik bosh og‘riq”ga aylandi. Bu haqda Wall Street Journal yozmoqda. AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi arafasida Yevropaning ko‘plab yetakchilari Tramp bilan munosabatlar buzilishidan qochib, Maskni omma oldida tanqid qilishdan tiyilmoqda.

🔹 AQShda mamlakatning katta qismini qoplagan qor bo‘roni kamida to‘rt kishi hayotiga zomin bo‘ldi.

🔹 G‘azo sektorida Isroilning zarbalari tufayli 24 soat ichida 28 falastinlik halok bo‘ldi.

🔹 Yaponiyalik olimlar odamlarda yangi tishlarning o‘sishini rag‘batlantiruvchi dori ishlab chiqmoqda. Yangi dori implant va protezlarga muqobil bo‘ladi. Olimlar rejalashtirilganidek, preparat 2030 yilga kelib retseptsiz sotiladi. 

🔹 Donald Tramp Amerikaning amaldagi yetakchisi Jo Bayden hukumatni topshirish jarayonini murakkablashtirayotganini aytmoqda. “Bayden o‘tish jarayonini qiyinlashtirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda, jumladan, misli ko‘rilmagan sud jarayonlari va qimmat va g‘alati ijro buyruqlari. "Xavotir olmang, bu "farmonlar" tez orada bekor qilinadi va biz yana sog‘lom, aqli raso va kuchli bo‘lamiz", degan Tramp.

🔹 Shimoliy Koreyada ajrashish, xot-doglar va "pude chige" achchiq sho‘rva taqiqlandi – rasmiylar buni “G‘arb qadriyatlariga qarshi kurash” deb atagan. Endi Shimoliy Koreya fuqarolari ajralish yoki xot-dog yeyishga uringani uchun olti oygacha mehnat lageriga yuborilishi mumkin.