Tilanchi ayol lotoreyada million yevro yutib oldi
Mersedes ismli bu ayol Ispaniyaning Alikante shahridagi La Florida hududida tilanchilik qiladi.
Mana to‘rt yildirki, cho‘ntagida bir yevro to‘planishi bilanoq mahalliy «Bonoloto» lotoreyasini sotib olish uchun yuguradi. Va nihoyat, 2 avgust kuni u 1,2 million yevro yutganini bildi.
"U yig‘lab yubordi. Raqamlar mos kelgan bo‘lsa-da, hali ham bunga ishonmasdi. Hududda hamma katta yutuq haqida eshitdi va hamma Mersedes uchun juda xursand bo‘ldi. Uni ko‘rib, ko‘zlarimizga yosh keldi. Mersedes esa hayajondan titrab ketdi", deydi lotoreya do‘koni sotuvchisi Mari-Anjeles.
Besh farzandning onasi Mersedes ishchilar mahallasida kamtarona uyda yashaydi. "U o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydi. Hozir hamma unga yutuqni qanday boshqarish haqida maslahat bermoqda", - deydi Mari-Anjeles. Ammo uning eski odatlari o‘zgarmagan: u hali ham bu yerga har kuni keladi. Avvalgidek nonushtasini o‘sha joyda qiladi va yutgan puliga birinchi bo‘lib atigi 5 yevroga shippak sotib olgan.