Tilla qazib olayotgan yigit sherigini o‘ldirib qo‘ydi
1992 yilda tug‘ilgan, Navoiy viloyati Karmana tumani, Zarafshon ko‘chasida istiqomat qiluvchi N.V. tanishi - 1985 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Shofirkon tumani Denov mahallasida yashagan F.M. bilan Konimex tumani Karakata ovuliga qarashli dasht hududida joylashgan “Sentyabrskiy” nomli eski oltin konida, hozirda qo‘riqlanmayotgan tashlandiq karerdan tarkibida tilla zarralari mavjud qumlarni qazib olgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining xabar qilishicha, noqonuniy ish jarayonida yuzaga kelgan o‘zaro navbat talashish sherikchilik buzilishiga sabab bo‘ldi. Murosasizlik oqibatidagi janjal N.V.ning F.M.ga qo‘l zarbasi orqali tan jarohati yetkazishi bilan yakunlandi.
Qayd etilishicha, F.M. spirtli ichimlik iste’mol qilganligi oqibatida muvozanatini yo‘qotib, chap tomonga yiqilgan va boshi toshga tekkan.
Zarafshon shahar Daugustou qo‘rg‘onidagi vrachlik punktida F.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, u olgan jarohati tufayli vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan N.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.