Tinchlik rejasimi yoki bosim: AQSh Eronga talablarini bildirdi
Vashington Tehrondan sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dasturdan voz kechishni talab qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Pokiston orqali Eronga urushni yakunlash bo‘yicha 15 banddan iborat rejani yuborgan. Unda Natanz, Isfahon va Fordodagi yadroviy ob’yektlarni demontaj qilish, shuningdek uranni boyitishni to‘xtatish va zaxiralarni topshirish talab qilingan.
Shuningdek, raketa masofasini cheklash va Hormuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatini ta’minlash masalasi ham ko‘tarilgan.
Bunga javoban Vashington sanksiyalarni bekor qilish va Busherdagi fuqaroviy atom elektr stansiyasini xalqaro nazorat ostida rivojlantirishda yordam berishni va’da qilmoqda.
Eron esa allaqachon bunga o‘z sharti: urushdan kelgan zarar uchun kompensatsiya to‘lashni talab qilgan. OAV ta’kidlashicha, ushbu reja ko‘p jihatdan avvalgi talablarni takrorlaydi.
AQSh qo‘shinlarining Yaqin Sharqqa ko‘chirilishidan Tehron xavotirda. Eron rasmiylari avvalgi muzokaralar paytida ham hujumlar bo‘lganini eslab, “yana aldanishni istamasliklari”ni ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, Oq uy yer ustidagi harbiy operatsiya ehtimolini istisno etmayapti. Bu borada hozircha yakuniy qaror yo‘q.
Donald Tramp «Biz bu urushda g‘alaba qildik», deya mamnun. Uning aytishicha, AQSh Eronning raketalarini ishga tushirish qurilmalarining 82 foiziini yo‘q qilgan va amalda rejim o‘zgargan. Tramp, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilishlari mumkinligini, Eron muzokaralarga qiziqish bildirayotganini aytdi.