TIV Qozog‘istonda O‘zbekiston yuk mashinalarining toshbo‘ron qilinishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi

Qozog‘iston hududida toshlar bilan O‘zbekiston transport vositalariga shikast yetkazilishi va mazkur voqea bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda video va boshqa materiallarning tarqalishi munosabati bilan O‘zbekistonning Aktau shahridagi bosh konsulxonasi mazkur masala Qozog‘iston tomoni bilan yaqin hamkorlikda o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, tegishli choralar ko‘rish uchun jabrlangan haydovchilardan faktlarni aniqlashtirish so‘ralgan.

Konsullik-huquqiy departamentining eslatishicha, Qozog‘istonning Aqto‘be, Atirau, Mang‘istau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari hududida bo‘lib turgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Aktau shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda O‘zbekistondan yo‘lga chiqqan yuk mashinalari toshbo‘ron qilingani haqida xabar bergan edik.