TIV Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali qaytishni hozircha rejalashtirmaslikka chaqirdi
O‘zbekistonning Qozon va Rostov-Don shaharlaridagi bosh konsulxonalari ma’lumotlariga asosan, 2020 yil 29 sentyabr holatiga ko‘ra, Samara viloyatining «Kinel», Rostov viloyatining «Pervomayskaya» va «Lixaya» temir yo‘l stansiyalari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmayapti. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi operativ shtabi axborot berdi.
Qayd etilishicha, to‘plangan barcha fuqarolar avtobus reyslari va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning maxsus poyezdlari orqali vatanga qaytarilgan. Shu munosabat bilan ushbu stansiyalar yaqinidagi maxsus vaqtinchalik lagerlar ayni paytda yopilgan.
«Mamlakatimizning Rossiyadagi diplomatik vakolatonalari xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1 oktyabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida O‘zbekistonga qaytish to‘g‘risida turli e’lonlar tarqatmoqda.
Hamyurtlarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘raymiz. Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala bo‘yicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishi haqida ma’lum qilamiz.
Hozirda Vatanga qaytish istagidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun avia, temir yo‘l va avtobus charter qatnovlari tashkil etilmoqda. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalorning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa, qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.
Rossiya hududida bo‘lgan vatandoshlarimizdan joylarda to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ynmasliklarini yana bir bor so‘raymiz», deyiladi operativ shtab axborotida.