Tomorqachilarga 20 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi

Viloyatimizdagi aholi tasarrufida 60 ming 731 gektar tomorqa maydoni bor va ularga 35 dan ortiq "Tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 1 604 tomorqachiga 20 milliard 69 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Bu mablag‘ evaziga 776  ta issiqxona, 9 ta quyonchilik, 140 tomorqa xo‘jaligida bog‘ va tokzorlar tashkil etildi, 250 mingdan ortiq parranda, 276 asalari oilasi, 2 ming 855 bosh qo‘y, 123 bosh qoramol xarid qilindi.

– Joriy yilda ham viloyatimizdagi tomorqachilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur jamg‘arma hisobidan 16 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Ilyos Yitkirov. – Ushbu mablag‘ hisobidan tomorqalarda 10 mingta ixcham issiqxona, ko‘chat, sabzavotchilik, parranda, chorvachilik tarmoqlari rivojlantiriladi. 11 tumandagi suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 42 mahallada davlat-sherikchiligi asosida artezian quduqlarini qazish uchun 4 milliard 38 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Umumiy olganda, viloyatimiz uchun 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Bu ham tomorqachilarni qo‘llab-quvvatlash va tomorqa maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan katta e’tibordir.

Prezidentimizning shu  yil 11 yanvarda viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan Jomboy tumanida fermer, deh­qon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jam­g‘armasi tomonidan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, tomorqachilarni sifatli ko‘chat, urug‘lik bilan ta’minlashga mo‘ljallangan "Ko‘chatchilik tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. U yerda ko‘chat yetishtiriladi, parranda, qoramol va qishloq xo‘jalik hayvonlari ko‘paytiriladi.

Ma’lumot o‘rnida: hozirda viloyatimizda 411 gektar maydonda 8870 ta issiqxona mavjud. Uning 20 tasi yoki 34 gektari gidroponika usulidagi issiqxonadir. 2019 yil dasturi asosida yana 200 gektar maydonda 98 ta zamonaviy issiqxona ishga tushiriladi. Jumladan, Toyloq tumanida 53,8 gektar maydonda klaster usulida, Bulung‘ur, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida 5 gektardan gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.