To‘rt sotix tomorqadan “Malibu”, uy, to‘y...

Ishtixon tumanining Beshariq mahallasi Qozoqovul qishlog‘ida bir xonadon bor. Hovlisidagi tomorqa maydoni bor-yo‘g‘i 5 sotix. Ammo bir qarich ham yeri bo‘sh turmaydi.
- Har yili fevral oyining ilk kunlarida tomorqamizning 4 sotixiga qo‘lbola issiqxonalar quramiz, - deydi xonadon bekasi Tamara Sultonova. – Bu yerda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini yetishtiramiz. Mart oyida esa bozorga chiqarishni boshlaymiz. Bo‘shagan joyga yana urug‘ qadaymiz. Iyul oyiga qadar 3-4 martagacha ko‘chat yetishtirib sotamiz. Keyin issiqxonani buzib, joyiga kechki ekin, karam yoki makkajo‘xori ekamiz. Shu yerning o‘zidan yiliga 70-80 million so‘m daromad topyapmiz. Bir necha yildan beri tomorqadan topganimiz evaziga uyimizni ta’mirladik, to‘ylar qildik. Hovlida turgan “Malibu” ham shu yerning orqasidan.
“Ishsizlik muammosi bizga begona”
Bu oilada mehnatga layoqatli 4 kishi bor. Ularning barchasi shu ish bilan band.
- Mehnat qilmasa, topgan pulini aql bilan sarflashni bilmasa kishining hayoti farovon bo‘lishi dargumon, - deydi T.Sultonova. – Issiqxonadan topgan daromadimizga qoramol olib, boqamiz. Uning go‘shtini Yangi yil bayrami arafasida sotamiz. Hovlimizning yonginasidan mahalladoshlarimiz uchun do‘koncha ham ochganmiz. 20 yildan beri issiqxona bilan shug‘ullanamiz. Shuncha yildan beri o‘zimni va turmush o‘rtog‘imni, qolaversa, bugungi kunda o‘g‘lim hamda kelinimni ham ishsizlik muammosi qiynagani yo‘q.
Ayrim tomorqalarda beda ekilgan. Nega?
Mahallada har bir tomorqadan imkon darajasida unumli foydalanishga harakat qilinadi, ammo ayrim tomorqalarning bir qismida beda ekilganiga guvoh bo‘ldik.
- Mahallamizda 835 ta xonadon bo‘lib, ularga tegishli 128 gektar tomorqa maydoni bor, - deydi mahalla raisi Obidjon Ro‘ziyev. – Aholining aksariyati issiqxonalarda ko‘chat yetishtiradi. Shuningdek, chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi. Hududimizda yaylov yo‘q. Shuning uchun ayrim tomorqa egalari qoramoliga ozuqa sifatida 1-2 sotix yerda beda yetishtiradi va yiliga 4-5 marta o‘rib oladi. Tomorqada yetishtirgan ko‘chat va sabzavotlardan tashqari bozorga sut-qatiq, sariyog‘ va go‘sht mahsulotlarini ham chiqarib sotadi.
Tomorqa obodligi natijasida tabiat yashilligiga, xonadonlar ko‘rkamligiga, ishsizlik muammosining bartaraf etilishiga erishiladi. Asosiysi, tomorqa – daromad manbai.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
Feruza MAMATQULOVA.