Toshkentda qiz o‘zini poyezd ostiga tashladi

Toshkentdagi «Yalang‘och» va «Salar» temir yo‘l stansiyalari oralig‘ida o‘z joniga qasd qilishga uringan qiz o‘zini poyezd ostiga tashladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qiz hozirda shifoxonada. Tergov organlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, hozirda yana boshqa sodir bo‘lgan voqea yuzasidan mutasaddilar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 8 fevral kuni Toshkentning Yashnobod tumanida, tartibga solinmaydigan temir yo‘l kesishmalaridan birida teplovoz va Cobalt to‘qnashgan, oqibatda hech kim jabrlanmagan.

Bunday holatlarning takrorlanishini hisobga olgan holda, shuni ma’lum qilamizki, tegishli tarkibiy tuzilmalar, tashkilotlar va joylardagi mutasaddilar tomonidan muntazam ravishda temir yo‘l yaqinida istiqomat qiluvchi aholi va transport vositalari egalari bilan temir yo‘lda xavfsizlikka rioya etish to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, xabarda barcha yo‘l harakati ishtirokchilari temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish va po‘lat izlarida piyodalar harakati qoidalarining talablariga birdek rioya etishlari shartligini eslatib o‘tgan.