Toyloqda Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazi”da 816 nafar bola tarbiyalanmoqda

Toyloq pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan ushbu markaz “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi asosida faoliyat olib bormoqda. Bugun markazda maktabgacha ta’lim agentligi tizimidagi ekstremal davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirokida amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

- “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi tajriba sifatida sinovdan o‘tdi, - dedi Maktabgacha ta’lim agentligining maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zafar Usanov. – Uning yaxshi tomonlarini ommalashtirib, loyihani qanday davom ettirish masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak. Soha mutaxassislari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, takliflarini bildirsa, shunga qarab keyingi ishlarimizni rejalashtiramiz.

Toyloq tumanida 50 ta mahalla mavjud bo‘lib, ulardan 41 ta mahalladan markazga bolalar qamrab olingan. Bugun markazda 816 nafar tarbiyalanuvchiga 36 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Ushbu pedagoglar maktabgacha ta’lim vazirligining mutaxassislari va psixologlari suhbatidan o‘tgan, seminar-treninglarda malakalarini oshirgan.

- Markazimizda bolalar ikki navbatda kelishadi, - dedi “Ilk rivojlanish markazi” koordinatori Zarina Zohidova. – Bizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, kam ta’minlangan oila farzandlari va inklyuziv ta’limga ehtiyoji bor bolalar tarbiyalanadi. Bolalarga pedagoglarimiz tomonidan turli mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, ularning vaqtini aqliy rivojlantirish mashqlari orqali qiziqarli va samarali olib boradi. Markazda loyiha boshidan buyon 1617 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berildi.

Tadbirda soha vakillariga Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Ilk rivojlanish markazi” ish tajribasi tanishtirildi. Ularning erishilgan natijalari tahlil qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilar “Ilk rivojlanish markazi”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tadbir so‘nggida takliflar o‘rtaga tashlandi, kelgusida bu kabi markazlarni ochish muhokama etildi.

Xurshida ERNAZAROVA.