Korxonadagi dastgohda ishchining barmoqlari uzilib ketdi

Yanvarning birinchi haftasida Toyloq tumani korxonalaridan birida baxtsiz hodisa yuz berdi.

26 yoshli yigit tuman hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonasidan birida dastgohda ishlayotgan paytda ehtiyotsizlik qilgan. Oqibatda barmoqlari uzilib, jismiga jiddiy shikast yetdi. 

Dastgoh korxona xodimlari tomonidan o‘z vaqtida o‘chirilib, bemor zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirildi. Markazda bemorga shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatildi va jarrohlik amaliyoti yordamida uning barmoqlari ulanib, asl holiga qaytarildi. Bemor qo‘li asrab qolindi. Ayni paytda muolajalar davom etmoqda. 

Lekin keyingi paytlarda shifoxonaga shu mazmundagi jiddiy jarohatlar bilan kelayotganlar soni oshib bormoqda. 

- Mamlakatimizda ishlab chiqarishni rivojlantirish, ish o‘rni yaratishga alohida e’tibor berilmoqda, bu quvonarli holat, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali oliy toifali jarrohi Yo‘ldosh Kuliyev. – Lekin ushbu korxonalarda mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, ishchi-xodimlarini bu masalada o‘qitishlarni tashkil etish lozim. Chunki keyingi paytlarda markazimizga aynan korxonalarda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar tufayli jiddiy jarohatlar bilan kelayotgan bemorlar soni ko‘paymoqda. Misol uchun, yaqinda qurilish sohasida mehnat qilayotgan bir fuqaroning ko‘krak qafasi sohasidan armatura kirib, yelka sohasidan chiqib turibdi. Ko‘rinishning o‘zi juda bir dahshatli ahvolda edi. Tezkor operatsiyadan keyin bu bemor hayoti asrab qolindi. Ko‘pchilik ishonmaydi, lekin taqdirida yashash bor ekan, u yashab ketdi. Lekin hammaning ham shunday omadi chopmasligi mumkin-ku. Qolaversa, garchi uning hayoti asrab qolingan bo‘lsa-da, u ro‘zg‘orini yuritish uchun avvalgiday jismonan yaroqli bo‘ladi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. To‘g‘ri, qurilish sohasida bu kabi baxtsiz hodisalar bo‘lib turadi. Ammo mehnat xavfsizligi qoidalari doimiy ravishda o‘rgatilib borilishi kerak. 

Yuqoridagi kabi baxtsiz hodisalar ham keyingi paytlarda ko‘p uchrayapti. Xususan, bundan atigi bir necha oy avval qo‘li stanokda qolib ketib, uning ham qo‘lini jarrohlik orqali tiklagandik. Bunday misollar, afsuski, ko‘p. 

Abduvali Xudoyorov,

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali axborot xizmati rahbari.