Transplantatsiyaga ruxsat berilgan qarindoshlar ro‘yxati kengaydi

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (1035-son, 2019 yil 25 dekabr). Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida ma’lum qilindi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda buyrak yoki jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish yaqin qarindoshlardan boshqa qarindoshlar o‘rtasida ham amalga oshiriladi.

Ilgari ushbu amaliyotni faqat yaqin qarindoshlar o‘rtasida amalga oshirilishiga ruxsat berilgan.

Bunda, qarindoshlar deganda quyidagilar tushuniladi:

- bolalar ota-onasiga – 1-darajadagi;

- nevara bobosi va buvisiga, shuningdek, tug‘ishgan aka-uka va opa-singillar – 2-darajadagi;

- evara katta bobosi va buvisiga, shuningdek, tog‘a, amaki, amma va xola o‘z jiyanlari bilan – 3-darajadagi;

- tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar – 4-darajadagi qarindoshdir.

Transplantatsiya endilikda 9 ta, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida amalga oshiriladi.

Ilgari faqat 3 ta tibbiyot muassasasida amalga oshirilgan.