Tuman hokimi fuqarolarni haqorat qilgani uchun jarima to‘laydi

Mingbuloq tumani hokimi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Endi u 4 million 460 ming so‘m miqdorda jarima to‘laydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2019 yilning 27 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, “Mingbuloq tumani hokimi fermerlarni so‘kib tashladi” mavzusidagi audioyozuvlar yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 9 dekabr kuni soat 10.00 da Mingbuloq tumani hokimi vazifasini bajaruvchi N.Xudoyberdiyev rahbarligida “Gigant”, “Guliston”, “Gulbog‘-1” MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazilgan.
Texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish davomida tuman hokimi “Guliston dacha” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlariga qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l qo‘yib kelayotganliklari xususida tanbeh bergan.
Shuningdek, hokimning ularni haqorat qilgani, sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.
Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan N.Xudoyberdiyevga nisbatan MJTKning 41-moddasi bilan ma’muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan.
Mingbuloq tumani ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, N.Xudoyberdiyevga 4 million 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.