Turkiy davlatlar qishloq xo‘jalik vazirlari Samarqandda
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlari O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xojayev hamrohligida Samarqandga tashrif buyurdi.
Samarqand temiryo‘l vokzalida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlari - Inam Karimov (Ozarbayjon), Yerbol Karashukeyev (Qozog‘iston), Askarbek Janibekov (Qirg‘iz Respublikasi), Vaxit Kirishchi (Turkiya)ni viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi. Shu yerning o‘zida viloyat hokimining mehmonlar bilan qisqa uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar sohada ulkan imkoniyatlarni ochishi ta’kidlandi.
Shuningdek, mehmonlarga Samarqand viloyatining mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida tutgan o‘rni, salohiyati haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida mehmonlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, nafaqat tarixiyligi va boy madaniy merosi, balki ulkan iqtisodiy salohiyati bilan dunyoga mashhur Samarqandda bo‘lib turganliklaridan mamnun ekanligini bildirishdi.
- Biz Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlarining Toshkentda o‘tayotgan tadbirlarida ishtirok etib, O‘zbekiston, jahon tarixida madaniy aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohalarida o‘ziga xos markaz bo‘lgan qadim Samarqand shahri bilan tanishganimizdan mamnunmiz, - dedi Ozarbayjon qishloq xo‘jalik vaziri Inam Karimov. – Biz tarixiy obidalar, aziz qadamjolarda bo‘lib, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, dunyo ilm-ma’rifatiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yashagan, mangu qo‘nim topgan maskanlarda bo‘lib, ularning hayoti, faoliyati haqida eshitmagan, bilmagan ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Umuman, bu muborak zaminda bo‘lib turganimiz bizga o‘zgacha ruh berdi. O‘ylaymanki, o‘zaro hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichdagi ishlarimiz albatta o‘z samarasini berib, birdamlikdagi loyihalarimiz har tomonlama davlatlarimizning taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Mehmonlar uchrashuvdan so‘ng Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Imom Moturidiy, Shohi Zinda, Mirzo Ulug‘bek majmualari, "Konigil" turizm qishlog‘i, Maxdumi A’zam ziyoratgohi kabi xalqimizning boy madaniy merosi, ulkan salohiyatidan so‘zlovchi aziz qadamjolar bilan tanishdi.
Alisher Isroilov.