Turkiya: 2016 yil 15 iyul voqeasi qurbonlari yodga olindi

Bundan roppa-rosa 8 yil oldin Turkiya Respublikasida Fetullohchi terror tashkiloti, ya’ni FETO tomonidan harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish kuzatilgan edi.

Konstitutsiyaga zid ravishda harakatlangan terror tashkiloti a’zolari Prezident Rejep Toyib Erdog‘anga suiqasd uyushtirib, mamlakatda harbiy hukumat o‘rnatishni maqsad qilgan.

Biroq Turkiya xalqi bu voqealarga qarshi birlashgan va fitna amalga oshmagan, mamlakatning demokratik davlat tuzumi saqlab qolingan.

Shu sababli Turkiya xalqi va mamlakatning xorijiy davlatlardagi idoralari har yili 15 iyulni "Demokratik va milliy birlashish" kuni sifatida yodga oladi va nishonlaydi.

Samarqand shahridagi Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasida ushbu sana munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga hokimlik vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ayni paytda Samarqandda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan Turkiya fuqarolarining bir guruhi taklif etildi.

– 2016 yil 15 iyul kuni FETO tomonidan Turkiya milliy majlisiga binosiga hujum uyushtirilishi, Anqara va boshqa yirik shaharlarda ko‘chalar, turli bino va inshootlarning egallab olinishi aholini sarosimaga solgan edi, – deydi Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer. – O‘shanda Prezident televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish qilib, xalqni birdamlikka, mamlakatdagi demokratik tuzumni saqlashga, buning uchun ko‘chaga chiqishga da’vat etdi. Mana shu da’vat va Turkiya xalqining birdamligi tufayli yovuz kuchlarning qabih niyatlari amalga oshmadi. Keyinchalik bu tashkilot va uning xorijdagi vakillari ham Turkiyaga deportatsiya qilinib, javobgarlikka tortildi. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar va davlatlar FETOni terrorchi tashkilot, deb e’lon qildi.

Tadbirda harbiy to‘ntarishga qilingan harakat bilan bog‘liq voqealar aks etgan suratlar namoyish etildi, qurbonlar yodga olindi.