Turkiyalik mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Sinan Turaman boshchiligidagi turkiyalik muzeyshunos, arxitektor va dizaynerlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat rahbari hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan, Samarqanddagi me’moriy yodgorliklarni obodonlashtirish, yangi istirohat bog‘lari barpo etish va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Imom Moturidiy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari, majmua hududida yangi masjid va muzey barpo etilayotgani haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Adiz Boboyev ushbu binolarning dizayni va me’moriy yechimlarini takomillashtirish masalasida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish taklifini bildirdi.
O‘z navbatida Sinan Turaman o‘z jamoasining xalqaro tajribasi haqida so‘zlab, turli davlatlarda amalga oshirilgan yirik loyihalar - shahar arxitekturasi, muzeylar, tematik bog‘lar va dizayn sohasidagi ishlari yuzasidan taqdimot qildi. U Samarqandda ham bu yo‘nalishda hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvdan so‘ng turkiyalik mutaxassislar “Bolalar va yashil jamoat parki” hamda Imom Moturidiy ziyoratgohida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Mutaxassislar obodonlashtirish jarayoni va arxitekturaviy yechimlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.