Turkmanistonda “UzAuto Motors” avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan "O‘zbek-turkman forumi" doirasida «O‘zavtosanoat» AJ va «Turkmenistan-Motors» AJ Turkmaniston hududida avtomobil, qishloq xo‘jaligi va tirkama uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida memorandum imzoladi.
Memorandum doirasida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida sanoat hamkorligini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Memorandum imzolash marosimida «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umrzoqov va «Turkmeniston-Motors» AJ boshqaruv raisi Furqat Aydashev ishtirok etdi.
Ushbu memorandum doirasida «Turkmeniston-Motors» AJ ishlab chiqarish ob’yektlarida UzAuto Motors avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik Turkmanistonda avtomobil komponentlari ishlab chiqarishni va eksport bozorlariga sotishni tashkil qilishni ham nazarda tutadi.
Bundan tashqari, «O‘zavtosanoat» tizimiga kiruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan boshqa transport vositalari (pikaplar, yuk mashinalar va avtobuslar), qishloq xo‘jaligi va tirkama uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.