Turmush chorrahalarida: Qaynona

Noila bu xonadonga kelin bo‘lib tushganida bunchalik xo‘rlanaman, deb o‘ylamagandi. Qaynonasi uni o‘g‘lim bilan baxtli bo‘lsin, qo‘sha qarisin deb emas, molu dunyoga ochko‘zligini qondirish uchun vosita sifatida kelin qilganini angladi.
- Kelin, qayerdasiz?
- Labbay, ayajon! - Noila qo‘lidagi supurgini tashlab yugurib kelib, qo‘l qovushtirib turdi.
- Xabaringiz bor, yaqinda tug‘ilgan kunim. Ota-onangizga ayting, mana bu ro‘yxatda men yozgan sovg‘alarni olib kelishsin. Quruq qo‘l bilan so‘ppayib kelishmasin. Mehmonlar oldida uyalib qolmayin…
- Ena, bu nima deganingiz, tug‘ilgan kun siznikimi, qanaqa sovg‘a istasangiz, mana, men olib beraman. Qudalaringiz sizni talabingizni bajaramiz, deb quloqlarigacha qarzga botishgan, sal uyalsangiz bo‘lardi! - ishga otlanayotgan Qodir xijolat tortib, onasiga qaradi.
- Sen jim bo‘l, bir hafta bo‘lmasdan xotinchangni tarafini olib qolibsanmi? Senga alohida buyurtma bor, keyin aytaman, -Hosiyat buvi yelpig‘ich bilan yelpinib, qo‘lidagi ro‘yxatni Noilaga uzatdi. - Oling, nega qoqqan qoziqday qaqqayib qoldingiz?
Noila karaxt bo‘lib qoldi. Qaynonasi ro‘yxat qilib bergan sovg‘alar ozmuncha pul turadimi, bechora ota-onasi qayerdan topadi?
- Ha, aytganday, kir yuvish mashinasini ham yoddan chiqarishmasin.
- Ena, kir yuvish mashinasi bor-ku! - dedi Qodir.
- U eskirgan, yangi chiqqanidan olib kelishsin…
Kechqurun ishdan qaytgan Qodir Noilaning aftiga qarab ezilib ketdi:
- Charchadingmi? Ro‘yxatni yetkazdingmi?
- Qodir aka, qandoq qilib aytaman. Yaqindagina onangiz sovutgich oldirgandi. Endi esa sovg‘a, kir yuvish mashinasi. Otam bechora meni o‘ylab, g‘ing demayapti. Axir insof bormi, ayangizda?
- Nima, sen hali meni enamga til tekkizyabsanmi? U mening onam, bildingmi? Chidasang shu! Chidamasang, ana, eshik ochiq.
Qodir qo‘lidagi sochiqni zarda bilan uloqtirib, narigi xonaga chiqib ketdi…
- Otasi, endi nima qilamiz?
- Ha, yana nima bo‘ldi? - ishdan charchab kelgan Qobil aka uf tortib, ko‘zlari yoshlangan xotiniga qaradi.
- Qizingiz Noila qo‘ng‘iroq qildi. Bechora bola adoi-tamom bo‘ldi. Nafsi o‘pqon qaynonasining jig‘ildonini to‘ldiraman, deb yuzi shuvit, hammasiga o‘zini aybdor deb eziladi. Nima bo‘lsa ham oilasi buzilmasin, deb yalmog‘iz qaynonasini boshimizga chiqarib yubordikmi, deyman?! Qachon ko‘zi to‘yar ekan bu kampirni. Ko‘ngli qolmasin, deb bo‘g‘zimizgacha qarzga botdik. Yaqinda kreditga kuyovga mashina olib berdik. Endi esa qizimiz og‘ir ahvolda shifoxonada yotganmish. Shifokorlar “tez yordam”da olib ketishibdi. Homilasi nobud bo‘libdi. Na qaynonasi, na eri xabar olibdi. Ota-onasi davolatishsin debdi.
- Ko‘rnamaklar! - Qodir aka tutoqib ketdi. Qanday qilib, yolg‘iz qizimizni jahannam azobiga tashladik-a?
- Yur, tez xabar olaylik.
- Qizim, o‘lim bilan olishib, bir oy kasalxonada yotding. Qaynonang seni odam o‘rnida ko‘rmadi. Endi bormaysan, onang bilan yashaysan. - Qobul aka rangi so‘lg‘in qizinining boshini siladi. -Do‘xtirlar javob berishdi, yur ketamiz…
Hosiyat buvi Noila kasallikka chalingach, Qodirni boshqa qizga uylantirdi. Tong yorishganda uyg‘onib, tashqariga chiqdi. Hammayoq jim-jit. Odatda bu paytda Noila hovlini supurib, nonushta tayyorlab, xontaxta ustiga dasturxon yozib qo‘yardi. "Yangida hali, mayli, buguncha dam olsin". Lekin ertasi ham, undan keyin ham yangi kelin tongda turish, uy ishlariga unashni xayoliga keltirmasdi. Qodir ishga kechikmasligi uchun nonushtasiz ketadigan bo‘ldi. Uy-ro‘zg‘or ishlari, ovqat qilish, supurish-sidirish kampirning o‘ziga qoldi. "Ha, shoshma, oyimqiz, sovunimga kir yuvmabsan". Hosiyat buvi kelining yotog‘i eshigini taqqillatdi:
- Hoy, kelin, turing, tong yorishib ketdi. Hovli-joyni supurib, nonushta tayyorlang. Chillangiz chiqqandir.
Eshik ochilib, ostonada yangi kelin ko‘rindi. Shirin uyqusini buzgan qaynonadan uning jahli chiqqandi. Qodir allaqachon uyg‘onib ishga ketgandi.
- Hoy kampir, o‘zingizdan o‘zingiz nima deb valdirayapsiz? Men sizga cho‘rimanmi, uyquning ham beliga tepdingiz! - u qars etib eshikni yopib, yotoqqa kirib ketdi.
Qaynonaning boshidan bir chelak qaynoq suv quygandek, nafasi ichiga tushib, joyida qotib qoldi: "Ey xudo, qanday kunlarga qoldim-a, qanday kelinim bor edi-ya? Nafs balosiga yo‘liqqan molparast qaynonagni kechir, Noila”!
Tog‘aymurod ShOMURODOV.