Uch rektor ishdan bo‘shatildi, ulardan biri Samarqanddan
Ayni paytda yoshlar bandligi masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda oliygohlar yon-atrofidagi mahalla yoshlari bilan ishlashda, rektorlarning o‘rni umuman sezilmayotgani, rektorlarning bu borada bergan takliflari ma’qul emasligi ta’kidlab o‘tdi.
- Birortasi o‘z hududida mahallagacha tushib, yoshlar tarbiyasi, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tashabbus bildirmagan. Qaysi rektor yotoqxonaga borib yoki bo‘sh yotgan madaniyat markazlarida yoshlar bilan uchrashdi, ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi, motivatsiya berish, hayotda o‘z yo‘lini topish va madaniy tadbirlarni tashkil etdi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q.
Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Farg‘ona universiteti (Maqsudov), Samarqand qurilish (Ahmedov), Qo‘qon pedagogika (Otajonov) institutlari rektorlari va Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori (Olimov) lavozimidan ozod etilsin. Boshqa rektorlar qat’iy ogohlantirilsin.
Endi, bu borada mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Har bir oliygoh yon-atrofidagi kamida 5-10 tadan shahar mahallasi uchun «ma’naviyat markazi» va «madaniyat o‘chog‘i» bo‘lishi kerak.
Oliy o‘quv yurtlari atrofidagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb etadi, ularning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, o‘zlariga biriktirilgan mahalladagi «Yoshlar daftari»dagi yoshlar uchun oliygohlarga kirish bo‘yicha bepul tayyorlov kurslarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash uchun, yuqori kurslarda o‘qiydigan 2 nafar namunali talaba 1 nafar uyushmagan yoshning ijtimoiy faolligini oshirishga yordamlashadi.
Ushbu tizim orqali 135 ta oliygoh kamida o‘rtacha ming nafardan yoshlarni qamrab olganda ham, kamida 100 ming nafar yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak bo‘ladi. Yuqori natija ko‘rsatgan rektor, texnikum va kollej rahbarlariga 50 foizgacha ustama to‘lab berish tartibini joriy etilsin», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.