Uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga byudjetga 1 trillion so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlangan
Prezident raisligida tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanishicha, birjaga o‘z mahsulotlarini qo‘ygan yirik korxonalar ochiq-oshkora savdolar hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 8 trillion so‘m qo‘shimcha daromad qilgani ta’kidlandi. Ilgari turli sxemalar orqali korrupsiya bo‘lib, daromadlar ayrim “o‘rtakashlar” cho‘ntagida qolar edi.
Misol uchun, bir yil avval benzinda davlat taqsimoti bekor qilinib, erkin birja savdosiga qo‘yilgani hisobiga bugungi kunda eng chekka “zapravkalar”da ham sifatli benzin bor.
Yoki, o‘tgan uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga byudjetga 1 trillion so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlandi.
Eng muhimi, bu sohalardagi defitsit, korrupsiya, tanish-bilishchilik yo‘q bo‘ldi.
Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjud.
Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar tashkil etmoqda.
So‘nggi yillarda ishlab chiqarilishi keng yo‘lga qo‘yilgan tekstil, ipak, charm, kabel mahsulotlarining birja savdolaridagi ulushi past.