Ukrainada Zelenskiy iste’fosi talabi bilan elektron ovoz yig‘ilmoqda

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy iste’fosi talab qilingan elektron petitsiya 8 iyul kuni davlat rahbari saytida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Avvalroq korrupsiyaning oldini olish masalalari bo‘yicha Ukraina milliy agentligi (“NAPK”) mol-mulk o‘zgarishlari to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z vaqtida taqdim etmaganligi uchun Prezident Zelenskiyga nisbatan ikkita ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan edi. Biroq mamlakat rahbari shaxsiy mulkini sotish evaziga qo‘lga kiritgan 0,5 million AQSh dollariga yaqin mablag‘ni keyinroq deklaratsiyadan o‘tkazdi.

“Janob prezidentni so‘zida turishga va iste’foga chiqishga chaqirib murojaat qilamiz yoki saylovning ikkinchi bosqichidan to‘rt kun oldin, 2020 yil 18 aprel kuni o‘z saylovchilariga yolg‘on gapirganini tan olishini taklif qilamiz”, deyilgan elektron petitsiyada.

Petitsiya muallifi Viktor Ukolov Zelenskiyga “mamlakat qonunchiligini buzsa, prezidentlikdan iste’foga chiqishini ma’lum qilgani”ni eslatib o‘tdi.

Mazkur murojaatni Prezident ko‘rib chiqishi uchun unga 25 ming odam imzo qo‘yishi lozim. Ayni vaqtda petitsiyaga ikki mingdan ortiq ukrainalik imzo qo‘ydi, imzolar yig‘ilishi yakuniga 92 kun qoldi.