Un narxi oshdi, kompensatsiya miqdorichi?

O‘zbekistonda joriy yilning 15 oktyabridan un narxining davlat tomonidan belgilanishiga chek qo‘yildi. Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 oktyabrdagi «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi.

Shu bois 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun to‘lanayotgan pul kompensatsiyasi ko‘paytirildi.

Jumladan, qaror bilan yoshga doir pensiya, nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga hamda ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi uchun tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 2019 yil 1 oktyabrdan 22,3 ming so‘mdan 50 ming so‘mga oshirildi.

Mazkur qaror bilan kompensatsiya to‘lovlari miqdori joriy yil 1 oktyabrdan oshirilishi munosabati bilan yuqoridagi pul konpensatsiyasi oluvchi toifadagilarga pul kompensatsiyalari miqdori oktyabr oyi uchun Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida avtomatik tarzda qayta hisoblanadi hamda oshirilgan miqdorlar farqi bo‘yicha pul kompensatsiyasi qo‘shimcha to‘lov vedomostlari tuzilgan holda tijorat banklari va Xalq banki filiallari tomonidan oktyabr oyida to‘lab beriladi.

Ya’ni, oktyabr oyi uchun 22 300 so‘m to‘lov vedomostlariga kiritilgan bo‘lsa, joriy oy uchun qo‘shimcha ravishda 27 700 so‘m, jami 50 000 so‘m (22 300+27 700=50 000) to‘lanadi. Shuningdek, noyabr oyidan boshlab, har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilib boriladi.

O‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlangan bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar har oylik pul kompensatsiyasi oktyabr oyi uchun qayta hisob-kitob qilinib, noyabr oyida to‘lanishi ta’minlanadi.

Ya’ni, oktyabr oyida 22 300 so‘m to‘lanadi hamda oktyabr oyi uchun 27 700 so‘mlik farq noyabr oyi kompensatsiyasiga qo‘shib, jami 77 700 so‘m (50 000+27 700=77 700) to‘lanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshiriladi.

Kompensatsiya oluvchilar toifasiga 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar hamda eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar ham kiritilayotganligi sababli ushbu toifadagilarga oktyabr oyida to‘lanishi kerak bo‘lgan pul-kompensatsiyasi noyabr oyi pul kompensatsiyasiga qo‘shib to‘lab beriladi.

Ya’ni, oktyabr oyi uchun hisoblangan 50 000 so‘m kompensatsiya noyabr oyiga qo‘shilib, jami 100 000 so‘m (50 000+50 000=100 000) to‘lanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lab boriladi.

Joriy yil 1 oktyabrgacha 22 300 so‘mdan pul kompensatsiyasi oluvchilar 1 674 945 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, mazkur qaror bilan kompensatsiya oluvchilarning yana ikki toifasi qo‘shilishi sababli oktyabr oyidan boshlab, respublika bo‘yicha 2 million nafardan oshiq pensiya, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga kompensatsiyalar to‘lanadi. Kompensatsiyalarni tayinlash yoki miqdorlarini qayta hisoblash (oshirish) uchun fuqarolar tomonidan qo‘shimcha hujjat yoki arizalar talab etilmaydi.

Kompensatsiya to‘lovi miqdorining oshirilishi hamda pul-kompensatsiyasi oluvchilarga yangi toifadagi aholi qo‘shilishi munosabati bilan yuzaga keladigan barcha qo‘shimcha xarajatlar to‘lig‘icha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi. Umuman olganda, ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan davlat byudjetining yillik xarajatlari amaldagi 448 milliard so‘mdan 1 trillion 393 milliard so‘mgacha yoki 945 milliard so‘mga ortmoqda.

Viloyat mahallalar kengashi.