Universitet qizlari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazmoqda

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkiloti tomonidan karantin davrida talaba-qizlar bilan onlayn ta’lim-tarbiya ishlarini uzluksiz olib bormoqda. Universitet talaba-qizlarini birlashtirish, ularning ilmiy ijodiy faoliyatini rivojlantirib borish maqsadida “Beauty in action”, ya’ni “Go‘zal va faol qizlarjon” nomli telegram ilovasida guruh tashkil qilindi va barcha talaba-qizlar ushbu guruhga qamrab olindi.

Qizlarning har bir fandan dars mashg‘ulotlarini qanday bajarganligi o‘quv bo‘limi tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. O‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari,  ularning qiziqish va qobiliyati ustida ish olib boryapmiz. Talaba qizlar guruhda kitobxonlik, tikuvchilik, to‘quvchilik, hunarmandchilik, pazandachilik, chet tillarni o‘rganish va ijodkorlik ishlarini namoyon etmoqda.

Iqtidorli qizlardan Gulnoza Tilyavova gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo‘nalishida tahsil oladi. U sportda ham, o‘qishda ham doim faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. U sportning taekvando turi bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelmoqda. Gulnozaning tashabbusi bilan bo‘sh vaqtlarida ENGLISH learn - online @ Rerfect-Of-Englbsh kanal ochib, tengdoshlariga masofaviy ingliz tilini o‘rgatayapti. Hozirgacha uning ushbu kanalida 200 nafar obunachisi bor.

Bundan tashqari, Mehribon Yunusova pazandachilik, Maftuna Nurullayeva adabiyot yo‘nalishi, Shahribonu Rahimova milliy liboslar dizayni, zarduzlik va popurchilik bilan, Sevinchbonu Isroilova esa she’riyatga va yana bir qator talaba-qizlarimiz ilmiy-innovatsion g‘oyalari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini ko‘rik-tanlovlarda namoyon etib kelmoqda.

Bugungi sinovli davrda masofadan turib talaba-qizlarning darslaridan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Ularni kelajak hayotga, oilaga tayyorlab, o‘ziga xos iqtidor egalarini kashf etyapmiz.

Muhayyo ABBOSOVA,

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi.