“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi mahsulotlarini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon davlatlariga eksport qilmoqda
Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ishlashi uchun sharoit yaratish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi sinovli kunlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘z o‘rnida yaratilayotgan qulayliklardan unumli foydalanib, mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eng asosiysi dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lish maqsadida bor kuch-g‘ayratlarini ishga solib mehnat qilishmoqda.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat boshlagan ana shunday yirik eksportyor korxonalardan biri “SAM ELEKTRO SERVIS” O‘zbekiston va Turkiya qo‘shma korxonasi elektr duxovka, gaz va elektr plitalar ishlab chiqarmoqda.
“O‘zbek” milliy brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash va jahon bozoriga olib chiqishga ixtisoslashgan mazkur korxona 2018 yilning dekabr oyida ishga tushgan.
Korxona tomonidan pandemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin davomida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport miqdorini oshirish yuzasidan mukammal harakat dasturi ishlab chiqilgan.
Korxona yiliga 260 ming dona elektrduxovka, 100 ming dona gaz plita va 100 ming dona dudburon ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, korxona 15 xil turda elektrduxovka, 10 xil turda gaz plita, 5 xil turda dudburonlar ishlab chiqarmoqda. Korxonada 200 ga yaqin xodim 2 smenada 24 soat davomida uzluksiz faoliyat olib bormoqda.
Mahsulotlarning 40 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxona mahsulotlarini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi davlatlarga eksport qilmoqda.
– Turkiya va Xitoydan keltirib o‘rnatilgan zamonaviy va yuqori sifatli texnik uskunalar yordamida hozircha gaz plita va elektr duxovkalar ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona rahbari Sohib Azimov. – Mahsulotga talab yuqori. Jumladan, 2019 yil davomida 1 200 000 ming AQSh dollari qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qildik. 2020 yilda ham eksport hajmini oshirishga va ishlab chiqarish tarmog‘ini kengaytirishga harakat qilayapmiz. Pandemiya sharoitiga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davri davomida korxona tomonidan 500 ming AQSh dollarga yaqin mahsulot xorijga eksport qilindi.
O‘z o‘rnida korxonaning eksport operatsiyalarini amalga oshirish jarayonlarini qisqa vaqt mobaynida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish borasida “Samarqand” TIF bojxona postining tarkibidagi “Urgut” EIZ punkti bojxona xodimlari 24 soat davomida xizmat olib borib, import va eksport tovarlarini soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib kelmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati.