Urgutda Prezident topshirig‘i bilan qurilgan kutubxonadan nima maqsadda foydalanishyapti?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Urgut tumani vakillari tuman markazida zamonaviy kutubxona tashkil etish taklifini bildirgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, bu borada zarur amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidlagan edi.

  Shundan so‘ng Urgut tumani markazidagi istirohat bog‘ida kutubxona qurilishi ishlari boshlanib ketdi. Bir yil davomida bu yerda 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflanib, ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega axborot-resurs markazi binosi qad rostladi va 2019 yil may oyida foydalanishga topshirildi.

Ammo, ming afsuski, ushbu bino haligacha o‘z egasiga – tuman axborot-kutubxona markaziga topshirilmagan. Tuman axborot-kutubxona markazi o‘z binosida to‘lovsiz (yaxshiyam to‘lovsiz) ijarada faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Bino kutubxonaga topshirilmagani mayli, axborot-kutubxona markazi bugun sektor va turli komissiyalar shtabiga aylantirilgan. Binoda hozirda tuman 1-sektor shtabi, yoshlar ishlari bo‘yicha shtab va hatto xotin-qizlar shtabi ham joylashgan. Bundan oldinroq ikkinchi qavatda tuman IT (axborot-texnologiyalar) markazi ish boshlagan edi.

Bu ketishda yaqin vaqtlarda tuman axborot-kutubxona markazi ushbu binodan siqib chiqariladi. Ha, aynan siqib chiqariladi.

Aytgancha, binoning yerto‘lasida yoshlarga tikish-bichishni o‘rgatadigan to‘garak ochilgan. 

Ajab emas, yana qandaydir tadbir yoki topshiriq bo‘yicha shtab tashkil etishga ehtiyoj tug‘ilsa, hech shubhasiz bu ham urgutlik yoshlarning orzu-havasi uchun O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tashabbusi bilan aynan kutubxona uchun qurilgan binodan joy oladi. Omon bo‘lsak, bu bashoratimiz o‘zini oqlaydimi, yo‘qmi, ko‘ramiz. Axir bu yerda mutolaa uchun mo‘ljallangan, muhokama o‘tkazish va kompyuter xonalariga moslashtirilgan xonalar hali bor-da. 

Bundan tashqari, loyiha bo‘yicha 100 ming nusxadan ko‘proq kitobni sig‘dirish imkoniyati yaratilgan binoning yerto‘lasida atigi 20 mingdan sal ko‘proq kitob joylashtirilgan, xolos. Agar kitoblarning atigi 7 ming nusxasi badiiy adabiyot ekanligini, O‘zbekistonda aholisi eng zich va eng ko‘p yashaydigan Urgutda bu raqamlar nimani anglatishini tushunib olish uchun kishi matematik bo‘lishi shart emas. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 7 iyunda “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. 

Mazkur qarorda respublikamizning barcha shahar va tuman markazlarida axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va ularning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun binolarni belgilangan tartibda ajratish vazifasi qo‘yilgan.

Boshqacha aytganda, butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy kutubxonalar qurilishi va kitobxonlikni yanada rivojlantirishga intilish, ayniqsa yoshlar uchun turli kitoblar yetkazib berish choralari ko‘rilayotgan bir paytda, Prezident tomonidan Urgutda namunali ravishda tashkil etilgan kutubxona binosidan nega boshqa maqsadda foydalanilmoqda?

Buni tuman mutasaddilari nima bilan izohlaydi?