Urgutda sodir bo‘lgan mudhish YTHda 4 fuqaro halok bo‘ldi
Kecha, 8 iyun kuni soat 19:30 larda Urgut tumani Omonqo‘ton mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1121-kilometrida haydovchi o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomashinada “Urgut-Qarshi” yo‘nalishi bo‘ylab kelayotganida boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
Mazkur yo‘l transport hodisasida "Cobalt" rusumli avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchi olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida halok bo‘lgan.
Shuningdek, “Kamaz” rusumli avtomashinasi haydovchisi Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilib, unga shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu o‘rinda haydovchilardan avtoulovni boshqarishda tezlikni oshirmaslik, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz. Yodda tuting, bu avvalo, o‘zingizning, shu bilan birga yo‘lovchilar va oilangizning xavfsizligi, degani.