Uskuda ishsiz odam qolmaydi

Samarqand viloyat moliya boshqarmasi vakillari Past Darg‘om tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish masalasiga qaratilgan ishlarga mas’ul qilib biriktirilgan. Ular «Bir mahalla - bir mahsulot» tamoyili asosida ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida tomorqachilik, quyonchilik, parrandachilik bilan shug‘ullanishlari uchun yaqindan yordam berib kelmoqda.
Jumladan, boshqarma vakillari tumandagi Usku va Qorasuv mahallalaridagi 18 ta oilaga broyler jo‘jalarini yetkazib berishga ko‘maklashdi.
- Aholiga jo‘jalarni yetkazib berish bilan ish bitmaydi, ularning parvarishiga, veterinar ko‘rigidan o‘tkazishga e’tibor qaratish talab etiladi, - deydi viloyat moliya boshqarmasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Ne’matjon Yormatov. – Bizga biriktirilgan Past Darg‘om tumanidagi ikkita mahallada ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida 275 million 554 ming so‘mlik imtiyozli kredit asosida 9 ming 100 bosh tez yetiladigan jo‘ja olishiga amaliy yordam ko‘rsatdik.
- Mahallamizda 680 xonadon mavjud, - deydi Usku mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Anvar Ermatov. – 45 ta kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilib, ularning hayotini izga solish uchun bizga viloyat moliya boshqarmasi yaqindan yordam beryapti. 15 xonadonga 5 mingta jo‘ja olib berildi.
Usku mahallasida yashovchi Eshniyozovlar oilasining 4 nafar a’zosi ishsiz edi. Ular imtiyozli kredit evaziga 700 bosh jo‘ja olib parvarishlay boshladi.
- Bu jo‘jalar doimiy e’tiborga muhtoj, shuning uchun oilamizning 4 nafar a’zosi mazkur faoliyat bilan shug‘ullanamiz, - deydi Noila Eshniyozova. – Ta’minotchilar bizdan maslahatlarini ayamayapti. Qo‘llanmalar bergan. Aslida bu jo‘jalar 45 kunda yetilishi kerak ekan. Agar yaxshi qarasak, 30 kunda har biri bir kilogramdan ziyod go‘sht qilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, belgilab olgan rejamizni ertaroq bajarib, kreditni ham muddatidan oldin to‘lab qo‘yishimiz mumkin.
Viloyat moliya boshqarmasi vakillari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni davom ettirmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.