“Ustoz” sihatgohida yil boshidan buyon 929 nafar pedagog va faxriylar imtiyozli yo‘llanma bilan davolandi

Kecha, 15 iyul kuni saytimizda “O‘qituvchilar sihatgohlarda dam olyaptimi?” nomli maqola berilgan edi.
Maqolada “Afsuski, respublikamizda yagona bo‘lgan Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sihatgohi ham bugun viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida emas. Bir paytlar ushbu sihatgoh qanchadan-qancha pedagoglarning salomatligini tiklashga yordam bergan bo‘lsa, bugungi kunda xususiylashtirib yuborilgan”, degan jumla keltirilgan. Shu haqda “Ma’rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi quyidagicha munosabat bildirdi:
Samarqand viloyati hokimining 2002 yildagi qaroriga asosan Oqdaryo tumanida “Ustoz” sihatgohi tashkil qilingan. Ushbu sanatoriyada viloyatdagi o‘qituvchilar imtiyozli yo‘llanmalar orqali dam olishadi. “Ustoz” sihatgohi “Ma’rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limi tasarrufida bo‘lib, pedagoglarning sog‘liqlarini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanmalar “Ma’rifatparvarlar” jamiyati tuman, shahar hududiy bo‘linmalari tomonidan beriladi.
“Ustoz” sihatgohida yo‘llanma bilan 10 kunga dam olish belgilangan. Yil boshidan buyon 929 nafar pedagog va nafaqadagi faxriy pedagoglar imtiyozli yo‘llanmalar bilan davolanishdi va dam olishdi. Shundan 23 nafar ta’lim-tarbiya sohasida samarali faoliyat ko‘rsatgan ilg‘or tajribali pedagoglar rag‘batlantirilib, “Ma’rifatparvarlar” jamiyati hisobidan bepul imtiyozli yo‘llanma orqali dam olib, sog‘liklarini tiklab qaytishdi. Mehnat ta’tili davomida, ya’ni iyun oyi va iyul oyining 15 kuniga qadar 320 nafar o‘qituvchi va nafaqadagi faxriy pedagoglar dam olishdi".