Uy-joyingiz noqonuniy deb topilib buzilsa, soliq to‘lovlari qaytariladimi?

Bugun aksariyat joylarda bu muammo bor. Besh-olti yildan (balki kamroq yoki ko‘proq) buyon yashab kelayotgan uy-joyi o‘zboshimchalik bilan qurilganligi uchun buzilmoqda.

Ammo ko‘pchilikni bir savol qiynayotgani ham bor gap. Besh yoki olti yil mobaynida yer solig‘ini to‘lab kelganman, to‘langan mablag‘larim qaytarib beriladimi?

Viloyat soliq boshqarmasidan olingan javobga ko‘ra, uy-joy kadastrning bazasida bo‘lsa va soliq hisoblanib, 2020 yil uchun to‘lov amalga oshirilganda uyi misol uchun 1 mart kuni buzilsa, to‘lagan solig‘i 12 ga bo‘linib 9 oylik qismi qaytarib beriladi.

Albatta, bu borada ham muayyan tartiblarga amal qilinadi.

Xususan, Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq solish ob’yekti yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan taqdirda, soliqni undirish mol-mulk yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan oydan e’tiboran tugatilishi belgilangan.

Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yo‘q qilinganlik, vayron bo‘lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.