Uydagi zo‘ravonlikka ayollar aybdormi?

Odatda uydagi zo‘ravonlik qurboni ayollar, deb hisoblanadi. Ularni himoyalash uchun qator davlatlarda turli rasmiy, norasmiy tashkilotlar tuzilgan. Biroq keyingi vaqtlarda tendensiya o‘zgardi va ayollar tajovuzidan endi erkaklar aziyat chekmoqda.
«Sandi telegraf» xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 28 foiz holatda uydagi zo‘ravonlikka ayollar aybdor. Ekspertlar esa bu raqam ancha kamaytirib berilgan, aslida ayollar hujumi ko‘p, deydi.
Britaniya statistikasiga ko‘ra, 2018 yilda zaifalar tomonidan 786 ming erkak jabrlangan. Ayanchli misol keltiriladi. Kentlik biznesmen Toni Xengton o‘z rafiqasi Treysining ko‘p marta tahdidiga duchor bo‘lgan, ayol erining yurish-turishidan norozi bo‘lib, bir necha marta bo‘g‘ziga pichoq tiragan. Zo‘ravon ayol ikki yil qamoq jazosiga mahkum etilgan.
Pembrukshirlik o‘qituvchi ’yu Jons boshiga ham shunday kulfat tushgan. U xotinining kaltagidan qochib mashinasida tunashga majbur bo‘lgan. Amaliy psixologiya professori Edizabet Beyts ayollar keyingi paytlarda erlarining har bir qadamini kuzatish va ularga hissiy ta’sir o‘tkazishga urinishayotganini ta’kidlaydi.
Britaniya politsiyasiga xotinidan shikoyat qilib qo‘ng‘iroq qilayotgan jabrlangan erkaklar orasida hamma kasbdagilar, hatto, bankchilar, politsiyachilar bor. Bunday qo‘ng‘iroqlar soni yiliga ikki mingtadan oshadi, deydi «Sandi telegraf».
T.ShOMURODOV tayyorladi.