Uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlash umurtqa va bo‘g‘in kasalliklarini keltirib chiqaradi
Murod Irismetov,
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:
▶️ — Ko‘plab kasalliklarning bosh omili — kamharakatlik. Asosiy vaqtini ish stolida, kompyuter qarshisida o‘tkazidigan xodimlarning katta qismi ham, afsuski, jismoniy faollik yetishmaydigan toifaga mansub. Quyidagi tahlillar buning isboti.
📊 Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pog‘onasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Bunday kasalliklarning kelib chiqishiga 80 foiz holatda ish stolida gavdani noto‘g‘ri tutish sabab bo‘ladi.
📌 Biroq buni ish sharoiti, kasb taqozosi bilan bog‘lab, salomatlikka e’tiborsiz bo‘lish og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Vaholanki, ushbu muammo, ya’ni "ofis xodimi sndromi"ning oson va samarli yechimi bor.
🕰 Masalan, ish vaqti davomida imkon qadar har bir-ikki soatda 5-10 daqiqa tanaffus qilish lozim. Bu paytda bir necha marotaba o‘tirib-turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat millari bo‘ylab aylantirish kerak. So‘ng o‘pkamizni to‘ldirib nafas olamiz va yana ishni davom ettirishga kirishamiz.
🪑 Bel og‘riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig‘iga maxsus ortopedik yostiq qo‘yish mumkin. Qolaversa, bunday vositalar bavosil bilan og‘rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.
✅ Har ikki soatda bo‘yin mushaklari uchun mashq bajarish bo‘yin osteoxondrozi profilaktikasida qo‘l keladi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og‘riq, uvishish kuzatilganida bunday harakatlar juda samarali.
🔬 Kamharakatlik tanada qon aylanish tizimini izdan chiqaradi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos a’zosida me’yoriy jarayon buziladi. Oqibatda oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayishi, bavosil tugunlari hosil bo‘lishi kuzatiladi.
🤸 Bunday vaziyatda qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan ma’qul. 10-15 daqiqa qo‘l-oyoq chigalini yozish salomatlikni yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda ko‘tarilish, vaqti-vaqti bilan xona bo‘ylab yurish kerak.
🥗 Qon aylanishining me’yorda bo‘lishi iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham bog‘liq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qon quyuqlashishiga olib keladi. Shuningdek, shirinliklar tufayli organizmda “yomon” xolesterin miqdori ortishi ham sir emas.
🖥 Bundan tashqari, kompyuter qarshisida taom yeyishning ziyoni katta. Negaki, monitordan chiqayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u tanovul qilayotgan mahsulotlarni ham ma’lum ma’noda zararlaydi.
‼️ Tizza bo‘g‘imlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda ko‘p qolib ketishi ham sog‘lik uchun ziyon. Bunday vaziyatda bo‘g‘imlarning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada artroz-bo‘g‘im kasalligi kelib chiqishi mumkin.
♻️ Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, o‘tirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib o‘tirish hamda chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak.
👁 Eng oson mashg‘ulot: kishi nigohini derazadan tashqariga, biror ob’yektga qaratadi. So‘ng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Ko‘zlarni o‘ng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydali. Shuningdek, ko‘zni tez-tez yumib, ochish ham asqotadi. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirmaslik kerak, deya iqtibos keltiradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.