Vadim Abramov: "Xulosa qilib, ikkinchi davraga tayyorlanamiz"
Proliga doirasida birinchi davra bellashuvlarining so‘nggi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 4-turdan qoldirilgan o‘yinda “Dinamo” jamoasi Samarqandda “Andijon-SGS” klubini yirik hisobda mag‘lub qildi (4:0).
Jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov birinchi davra yakunlari, yosh o‘yinchilar o‘yini va tarkib o‘zgarishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Tezkor gol yigitlarimizning xotirjamroq o‘ynashiga sabab bo‘ldi. Taym yakunida gol kiritib, hisob yirik ko‘rinish olgan bo‘lsa-da, aslida barcha masalani yanada oldinroq hal qilish mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda esa zaxiradan maydonga tushgan o‘yinchilar o‘yinni kuchaytirishlari lozim bo‘lsa-da, ular nima bilan shug‘ullangani men uchun tushunarsiz bo‘ldi. Endi tanaffus yuzaga keladi. Biz davra yakunlari bo‘yicha xulosa qilamiz, - deydi jamoa bosh murabbiyi V.Abramov.
- Birinchi davra yakunlandi. Natijalardan kelib chiqsak, barchasi siz o‘ylagan reja asosida davom etyaptimi? Umuman olganda, davra yakunlari bo‘yicha umumiy xulosalaringiz qanday bo‘ldi?
- Men uchun kutilmagani – so‘nggi o‘yinlarimizda ketma-ket ochko yo‘qotganimiz bo‘ldi. Shu o‘yinlar men uchun kutilmagan natijalar bilan tugadi va rejalarimni o‘zgartirdi. Ammo bundan fojia yasamaymiz, xulosa qilib, ikkinchi davraga munosib tayyorlanamiz va o‘zimiz reja qilgan o‘rinda bo‘lamiz.
Bu mavsumdagi eng oson g‘alaba. Har bir jamoa raqibi o‘yinidan kelib chiqib o‘ynaydi. Raqibni o‘rgangan edik, ularning kuchsiz jihatlarini bilgan holda o‘ynadik va g‘alabaga erishdik.
Yosh o‘yinchilarning o‘yini haqida gapiradigan bo‘lsak, ular yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Biz ularga ishonch bildirdik va xuddi shunday o‘yin kutgandik. Yigitlar ishonchni oqlashdi. Yoshlar o‘yini o‘sib boradi, degan umiddaman.
- Birinchi davradan keyin jamoani tark etayotganlar va jarohat olganlar bor. Davralar oralig‘ida jamoa tarkibi qanchalik o‘zgarishi mumkin?
- Reglament bo‘yicha 5 nafar yangi o‘yinchini o‘z safimizga qo‘sha olamiz. Hozircha bizda 8 nafar yangi nomzod o‘yinchi bor. Ularni tarkibga jalb etish qanchalik amalga oshadi, bu hali noma’lum. Muzokaralarni boshlaganmiz. Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Mavsum o‘rtasida o‘yinchilarda klubi bilan shartnomasi bor, shu bois hozirdan aniq nomlar haqida gapirishga erta. Tarkib kuchayishiga umid qilyapman.
"Dinamo" proliga birinchi davrasini 22 ochko bilan 2-o‘rinda yakunladi. Ikkinchi davra bahslari yozgi tanaffusdan keyin o‘tkaziladi.
Usmon Ibodov suhbatlashdi.