“Vaqf” fondi bolalarga o‘quv qurollari va sumkalar ulashdi
Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan keng qamrovli “Xayriya marafoni” tashkil etildi. Ushbu marafonda hech qanday sport turlari bo‘yicha bellashilmaydi, bunda faqatgina xayr-ehsonlar ulashishda bellashuv o‘tkaziladi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar berdi.
Yurtimizning saxovatli insonlari ko‘magi bilan tashkil etilayotgan “Xayriya marafoni”ning dastlabkisi Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ushbu xayriya tadbirida 40 million so‘mlik moddiy yordam kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan insonlarga berildi. Toshkent shahrida istiqomat qiladigan kam ta’minlangan oilalarning 27 nafar 2-11 sinflarda tahsil oladigan farzandlariga yangi o‘quv yili uchun eng sara o‘quv qurollari, sumkalar ulashildi.
Yurtimiz bolalarining ta’lim olishida ko‘rsatilgan ko‘mak albatta, o‘z mevasini berishiga ishonamiz. “Vaqf” fondi yurtimiz aholisini ko‘proq ehson qilishga, atrofdagi muhtoj insonlarga ular so‘ramasalar ham yaxshilik qilishga chaqiradi.
Xayriya tadbirlari viloyatlarda davom etadi.